12 586.410 so‘m

increase

54.630

14 758.820 so‘m

increase

220.700

160.420 so‘m

increase

0.600

12 586.410 so‘m

increase

54.630

2 kun avval
Bank

Yangi qonun bilan banklarni sanatsiya qilish va tugatish tartibi belgilandi

Endilikda toʻlovga qobiliyatsiz yoki moliyaviy tizim uchun xavf tugʻdiruvchi banklar nazorat ostida sogʻlomlashtiriladi yoki belgilangan tartibda tugatiladi. Ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish va boshqarish boʻyicha vakolatli regulyator sifatida Markaziy bank belgilandi.

Yangi qonun bilan banklarni sanatsiya qilish va tugatish tartibi belgilandi
Foto: AI / Pinkod.uz

“Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi

Mazkur qonun bank muassasalarini sanatsiya qilish va ularni tugatish bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Shuningdek, u bank guruhlari va bank aksiyalari paketlariga ega boʻlgan xolding tuzilmalariga nisbatan ham qoʻllaniladi.

Sanatsiya va tugatish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilangan.

Bankni sanatsiya qilish uchun quyidagi barcha shartlar bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlishi lozim:

  1. Bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yoki yuqori tavakkalchiligi;
  2. Muammoni boshqa banklar yoki Markaziy bank koʻrayotgan choralar orqali hal etishning imkonsizligi, yoxud ular qoʻllangandan soʻng 6 oy ichida natija bermasligi;
  3. Bankning tizimli ahamiyatga egaligi, yoki tizimli ahamiyatga ega boʻlmagan bankni majburiy tugatish orqali belgilangan maqsadlarga erishib boʻlmasligi.

Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bankka maxsus boshqaruvchi tayinlash huquqiga ega. Sanatsiya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:

  • bank aktivlari va majburiyatlarini sotish;
  • vositachi bankni tayinlash;
  • hisobvaraqlardan mablagʻlarni olish yoki ularni konvertatsiya qilish.

Baholash va xulosa berish

Sanatsiya toʻgʻrisida qaror qabul qilinishidan oldin, Markaziy bank bankning aktivlari, majburiyatlari va balansdan tashqari mablagʻlarini baholatadi. Bu baholash tanlov asosida jalb etilgan baholovchilar tomonidan amalga oshiriladi.

Baholovchi quyidagilarni oʻrganadi:

  • bank aktivlari va majburiyatlarining qiymati;
  • buxgalteriya balansi;
  • zarur hollarda boshqa moliyaviy maʼlumotlar.

Baholovchi oʻz xulosasida bankni sogʻlomlashtirish maqsadga muvofiqligini koʻrsatadi. Xulosada bank tugatilganda aksiyadorlar va kreditorlar koʻrishi mumkin boʻlgan zararlar bilan ular hozirda koʻrayotgan zararlar oʻrtasidagi farq aks ettirilishi lozim.

Agar sogʻlomlashtirish yoʻlidagi zarar tugatish holatiga nisbatan koʻproq boʻlsa, aksiyador va kreditorlar kompensatsiya olish huquqiga ega boʻladi. Kompensatsiya miqdori bank tugatilgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararlar bilan haqiqiy koʻrilgan zararlar oʻrtasidagi farqqa teng boʻladi.

Sanatsiya jamgʻarmasi va moliyalashtirish manbalari

Sanatsiya jarayonini moliyalashtirish uchun Markaziy bank va Omonatlarni kafolatlash agentligi qoʻshma qaror asosida Sanatsiya jamgʻarmasi tashkil etadi. Jamgʻarma quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:

  • qarzlar;
  • davlat byudjeti transfertlari;
  • grantlar;
  • boshqa qonuniy manbalar.

Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagilar uchun foydalaniladi:

  • bankka yoki vositachi bankka qarz ajratish;
  • majburiyatlar boʻyicha kafolatlar berish;
  • aktivlar va majburiyatlar topshirilishida/sotilishida kafolatlar taqdim etish;
  • aktiv va majburiyatlar qiymati oʻrtasidagi farqni qoplash.

Zarur hollarda, Markaziy bank bankning shartnomaviy majburiyatlarini 6 haftagacha toʻxtatib turish, operatsiya va tranzaksiyalarni cheklash, majburiyatlarni bekor qilish yoki ularning shartlarini oʻzgartirish huquqiga ega.


Bank faoliyatini tugatish

Banklar faoliyati ixtiyoriy yoki majburiy tartibda tugatilishi mumkin.

Ixtiyoriy tugatish:

Agar bank toʻlovga qobiliyatli boʻlsa yoki toʻlovga qobiliyatsizlik xavfi yuqori boʻlmasa, u Markaziy bank roziligi asosida ixtiyoriy tugatilishi mumkin.

Majburiy tugatish:

Bank tizimli ahamiyatga ega boʻlmasa va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunda nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlsa, u majburiy tugatiladi. Bunda:

  • Markaziy bank boshqaruvi bankning litsenziyasini chaqirib oladi;

  • Majburiy tugatish sud tartibida yoki suddan tashqari tarzda amalga oshiriladi;

  • Bank aktivlari va majburiyatlari boshqa bankka oʻtkaziladi yoki aktivlar sotiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+