12 004.480 so‘m

increase

32.840

13 155.710 so‘m

decrease

-4.710

146.560 so‘m

increase

0.230

12 004.480 so‘m

increase

32.840

Yaqin 3 soat ichida
Iqtisodiyot
36

Markaziy bank 2026 yilda asosiy stavkani pasaytirmaydi — ekspertlar

Markaziy bankning oktabr soʻrovida qatnashgan moliya sohasi ekspertlarining 89 foizi navbatdagi yigʻilishdan soʻng asosiy stavka 14 foizda qolishini kutgan. Shu bilan birga, ekspertlar bir yildan keyin stavkani 13,2 foiz darajasida koʻrmoqda.

Markaziy bank 2026 yilda asosiy stavkani pasaytirmaydi — ekspertlar

Markaziy bank 4 noyabrdagi yigʻilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyator stavkani 2025 yil martida 13,5 foizdan 14 foizga koʻtargan edi. Shundan beri u oʻzgargani yoʻq. 

Stavka boʻyicha yilning soʻnggi yigʻilishi 16 dekabrga belgilangan. Agar Markaziy bank dekabrda ham stavkani 14 foizda qoldirsa, u 2026 yil davomida biror marta oʻzgarmagan boʻladi.

Stavka nega yil oxirida ham 14 foizda qolishi mumkin?

Yillik inflyatsiya avgustdagi 6,2 foizdan sentabrda 6,4 foizga, oktabrda esa 6,5 foizga koʻtarildi. Bazaviy inflyatsiya ham oktabrda 5,5 foizdan 5,6 foizga chiqdi. Umumiy inflyatsiya Markaziy bankning 5 foizlik maqsadidan 1,5 foiz punkt yuqori. 

Avvalroq Pinkod Markaziy bank 2026 yil yakuni uchun inflyatsiya prognozini 6,5 foizdan 7 foizga oshirgani haqida xabar bergan edi. Regulyator buni yuqori ichki talab, jahon bozoridagi energiya narxlari bilan bogʻliq xatarlar va ayrim tartibga solinadigan narxlarning rejalashtirilgan oshirilishi bilan izohlagan. 

Yilning dastlabki toʻqqiz oyida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,3 foizga oʻsdi. Markaziy bank bahosiga koʻra, investitsiyalar va aholining real daromadlari ichki talabni qoʻllab-quvvatlamoqda. Talab ishlab chiqarish imkoniyatlaridan yuqori boʻlib turgani esa narxlarga bosimni saqlab qolishi mumkin. Regulyator keyingi qarorlarida inflyatsiya dinamikasi, kutilmalar va narxlarga taʼsir qilayotgan xatarlarni hisobga olishini bildirgan. 

Ekspertlar inflyatsiya boʻyicha bahosini oshirdi

Moliya sohasi ekspertlarining kelgusi 12 oy uchun inflyatsiya kutilmasi sentabrdagi 6,3 foizdan oktabrda 6,6 foizga koʻtarildi. Uch yildan keyingi inflyatsiya boʻyicha baho ham 5,2 foizdan 5,3 foizga chiqdi. 

Inflyatsiya 2027–2028 yillarda 5 foizlik maqsadga yetishini kutgan ekspertlar ulushi bir oyda 55 foizdan 50 foizga tushdi. Markaziy bank noyabrda yangilagan prognoziga koʻra, inflyatsiya 2027 yil yakuniga borib 5 foizgacha pasayishini kutmoqda. 

Ekspertlar kelasi yil iqtisodiy oʻsish sekinlashishini kutmoqda

Oktabr soʻrovi ishtirokchilari real YaIM oʻsishini 2026 yilda 7,1 foiz, 2027 yilda 6,7 foiz darajasida baholagan. Markaziy bankning noyabrdagi prognozi har ikki yil uchun yuqoriroq. Regulyator bu yil iqtisodiyot 8 foiz atrofida, kelasi yil esa 7–7,5 foiz oʻsishini kutmoqda.

Ekspertlar nominal ish haqi bu yil 14 foizga, kelasi yil 13,3 foizga oshishini kutmoqda. Ularning bahosiga koʻra, 2027 yilda ish haqining oʻsish surʼati 0,7 foiz punktga sekinlashadi. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+