Oʻzbekistonning xalqaro oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy ham kamaydi
Oltin valyuta zaxiralari dekabr oyida $290 mlnga kamayib, 1 yanvar holati boʻyicha 41,2 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari dekabr oyida $290 mlnga kamayib, 1 yanvar holatiga koʻra 41,2 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu haqida Markaziy bank 7 yanvar kungi hisobotida maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari tarkibidagi oltin miqdori dekabr oyida $704 mlnga kamayib, $32mlrdni tashkil qildi. Regulyator bu holatni oy davomida oltin narxining 2664,30 dollardan 2610,85 dollargacha kamayganligi bilan izohladi. Oltinning sof hajmi esa avvalgi oydagi miqdorda saqlanib qolib, 12,3 mln troyani tashkil etdi.
Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2024 | 12 dekabr 2024 | 1 yanvar 2025 |
Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 34,6 | 41,5 | 41,2 |
Oltin (mlrd $) | 24,6 | 32,7 | 32,0 |
Sof hajmi (mln, troy, unsiya) | 11,9 | 12,3 | 12,3 |
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 9,4 | 8,2 | 8,6 |
Shunday boʻlsa-da, xorijiy valyutadagi aktivlar miqdori $414 mlnga koʻpayib, $8,6 mlrdni tashkil qildi. Bunga AQSh dollarining xalqaro miqyosda qadri yuqorilagani sabab boʻlganini taxmin qilish mumkin. Mazkur aktivlar tarkibidagi naqd valyuta va depozitlarning jami miqdori esa $413,5 mlnga koʻpayib, yilni 8,5 mlrd dollar bilan tugatdi.
Eslatib oʻtamiz, mamlakat oltin-valyuta zahiralari ketma-ket oʻsishlardan soʻng noyabr oyida $1,7 mlrdga kamaygan edi. Noyabr va dekabr oyidagi tushishlarga qaramasdan, oʻtgan yil boshidan beri Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 34,6 milliard dollardan 6,6 milliard dollarga koʻpayib, yilni $41,2 milliard bilan yakunladi.
Avvalroq oltin narxi 2025 yil oxirida 2 910 dollar atrofida boʻlishi prognoz qilingan edi.