2024 yilda banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 1 kvadrillion soʻmdan oshdi
2025 yil 1 yanvar holatiga koʻra, umumiy pul massasidagi naqd pul ulushi 2,3 foizga pasayib, 19,2 foizni tashkil etdi.
Oʻtgan yil davomida Markaziy bank 10,3 trln soʻm qoʻshimcha pul chiqardi.
Naqdlashtirilgan mablagʻlar hajmi ham 2023 yilga nisbatan deyarli 20 foizga oʻsdi.
Markaziy bank naqd pul muomalasi yuzasidan qisqacha sharhni eʼlon qildi.
Naqd pul muomalasi hajmi va dinamikasi
2024 yilda banklar orqali naqd pul aylanishi hajmi sezilarli darajada oshdi.
- Umumiy naqd pul muomalasi hajmi 1 011 trln yoki 1 kvadrillion soʻmni tashkil etdi.
- Naqd tushumlar – 501 trln soʻm;
- Berilgan naqd mablagʻlar – 510 trln soʻm.
- Bu koʻrsatkich 2023 yilga nisbatan 22% ga oʻsdi.
Tushumlarning oʻsishida quyidagi sohalarning hissasi sezilarli boʻldi:
- Bank xizmatlari tushumlari – 33 trln soʻmga oʻsdi.
- Savdo tushumlari – 22 trln soʻmga oshdi.
- Pullik xizmatlar tushumlari – 16 trln soʻmga koʻpaydi.
Markaziy bank naqd pul muomalasini boshqarishda qator innovatsion choralarni koʻrdi.
Qoʻshimcha naqd mablagʻ chiqarilishi. 2024 yil davomida muomalaga 10,3 trln soʻm qoʻshimcha naqd mablagʻ chiqarildi.
2025 yil 1 yanvar holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 19,2%ni tashkil etdi. Bu 2023 yilga nisbatan 2,3 foizga pasayish kuzatilganini bildiradi.
Yangi namunadagi banknotlar chiqarilishi. Yil davomida muomaladagi banknotlar soni 152 mln donaga oshdi.
200 000 soʻmlik banknotlar ulushi 18,6%dan 23,4%ga oshgan boʻlsa, 100 000 soʻmlik banknotlar ulushi 42,5%dan 40,9%ga kamaydi.
- Eski banknotlarni yangilari bilan almashtirish. Eski namunadagi banknotlarning ulushi keskin qisqardi: 5 000 soʻmlik eski banknotlar ulushi 67%dan 25%ga, 10 000 soʻmlik eski banknotlar ulushi 64%dan 24%ga tushirildi.
Bank kartalari faoliyati
2024 yil bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi:
- Bank kartalariga kirim qilingan mablagʻlar oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobarga oshib, 1 kvadrillion soʻmdan koʻproq yoki 1 034 trln soʻmni tashkil etdi.
- Naqdlashgan mablagʻlar hajmi esa 226 trln soʻmni tashkil qilib, 2023 yilga nisbatan 19,5%ga oʻsdi.
2024 yil davomida Markaziy bank tomonidan aholi va chakana savdo uchun qulaylik yaratish maqsadida 54,5 mlrd soʻmlik yangi tangalar muomalaga chiqarildi. Ushbu tangalar, muomaladagi umumiy naqd pullarning 0,3% qismini tashkil etdi.