Markaziy bank raisi oʻzgarishi kutilmoqda
Prezident tomonidan Oliy Majlis Senatiga regulyator raisini egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.
Timur Ishmetov esa Markaziy bank raisi boʻlishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Senatiga Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratovni egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.
Konstitutsiyaning 95-moddasiga koʻra, Markaziy bank raisi Prezidentning Oliy Majlis Senatiga kiritilgan taqdimnomasi orqali lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Nurmuratov Mamarizo Berdimuratovich 1960 yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan. 1982 yilda Leningrad iqtisodiyot va moliya institutini iqtisodchi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. Bank tizimida 17 yillik tajribaga ega.
Markaziy bankdagi faoliyatini 1993 yilda boshlagan:
- 1993-1996 — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ilmiy tadqiqotlar markazi direktori.
- 1996-2000 — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi birinchi oʻrinbosari.
- 2000-2004 — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri.
- 2004-2006 — Samarqand viloyati hokimi.
- 2006-2017 — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi maslaxatchisi.
- 2017 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Xabarlarga koʻra, Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimi uchun asosiy nomzod sifatida Timur Ishmetov koʻrib chiqilmoqda. Hozirda vazifani vaqtincha bajarish raisning birinchi oʻrinbosari Nodirbek Saydullayev zimmasiga yuklatilgan.
Timur Ishmetov 2022 yil 30 dekabrdan beri Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.