11 980.360 so‘m

decrease

-30.090

13 134.070 so‘m

decrease

-66.620

145.620 so‘m

decrease

-0.020

11 980.360 so‘m

decrease

-30.090

6 soat avval
Bank
80

Yangi Bank’ning bosh ofisi dastlabki bahosidan 52 mlrd soʻm arzonga sotildi

Yanvar oyida litsenziyasi bekor qilingan Yangi Bank’ning Toshkentdagi bosh ofisi 111,3 mlrd soʻmga auksionda sotildi. Dastlab 163,3 mlrd soʻmga baholangan binoni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli kompaniya sotib olish huquqini qoʻlga kiritdi.

Yangi Bank’ning bosh ofisi dastlabki bahosidan 52 mlrd soʻm arzonga sotildi

Yangi Bank’ning Toshkent shahridagi sobiq bosh ofisi 111,3 mlrd soʻmga sotildi. 

9 noyabr kuni oʻtkazilgan E-auksion savdolarida “KAPITAL LOYIHALAR GURUHI” MChJ gʻolib boʻldi. Kompaniya binoni 106 mlrd soʻmlik boshlangʻich narxidan 5 foiz qimmatroqqa olishni taklif qilgan.

Bino dastlab iyun oyida 163,3 mlrd soʻmga savdoga chiqarilgan, biroq xaridor topilmagani sabab bir necha marta qayta auksionga qoʻyilgan. Natijada uning boshlangʻich narxi bosqichma-bosqich 106 mlrd soʻmgacha tushirilgan.

Yakuniy savdo narxi dastlabki taklifdan 52 mlrd soʻm yoki qariyb 32 foizga past boʻldi.

Savdo gʻolibi boʻlgan “KAPITAL LOYIHALAR GURUHI” MChJ 2026 yil 3 aprelda tashkil etilgan. Kompaniyaning 50 foiz ulushi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga, qolgan 50 foizi esa Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli.

Qizigʻi, kompaniyaning yuridik manzili ham sotib olinayotgan bino bilan bir xil — Toshkent shahri, Amir Temur shoh koʻchasi, 99-uy.

2017 yilda qurilgan besh qavatli binoning umumiy maydoni 3 648 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda 47 ta xizmat xonasi mavjud boʻlib, obʼekt “Bodomzor” metro bekati va Oʻzmilliybank bosh ofisi yaqinida joylashgan.

Savdo shartlariga koʻra, gʻolib kompaniya auksion yakunlanganidan keyin 15 ish kuni ichida toʻlovni toʻliq amalga oshirishi kerak.

Binoni sotishdan tushadigan mablagʻlar Yangi Bank’ning tugatish massasiga kiritilib, kreditorlar oldidagi qarzdorlikni qoplashga yoʻnaltiriladi. 

Eslatib oʻtamiz, Markaziy bank 2026 yil 15 yanvarda Yangi Bank’ning litsenziyasini chaqirib olgan edi. Bunga bank ustav kapitalining belgilangan eng kam miqdorga yetkazilmagani hamda qonunchilikning ayrim talablari bajarilmagani sabab boʻlgan.

Oʻsha vaqtda bankning ustav kapitali 355 mlrd soʻmni tashkil etib, 500 mlrd soʻmlik minimal talabdan 145 mlrd soʻmga kam boʻlgan. Bankning taqsimlanmagan zarari esa 171 mlrd soʻmga yetgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+