11 971.640 so‘m

decrease

-8.720

13 160.420 so‘m

increase

26.350

146.330 so‘m

increase

0.710

11 971.640 so‘m

decrease

-8.720

7 soat avval
Bank
78

Oltin quymalarining sotish va qayta xarid narxlari oʻrtasidagi farq 20 foizdan oshdi

Oʻzbekistonda oltin quymalarining sotish va qaytarib sotib olish narxlari oʻrtasidagi tafovut 20,2 foizga yetdi. Yil boshida bu koʻrsatkich atigi 3,9 foizni tashkil etgan edi. Jahon bozorida oltin arzonlashayotgan bir paytda, 5 grammlik quymaning sotish va qayta xarid narxlari oʻrtasidagi farq qariyb 1,8 mln soʻmga yetgan.

Oltin quymalarining sotish va qayta xarid narxlari oʻrtasidagi farq 20 foizdan oshdi

20 noyabr soat 09:57 holatiga 5 grammlik oltin quymaning sotish narxi 8 mln 901 ming soʻmni, qadogʻi but holatda qaytarib sotib olish narxi esa 7 mln 107 ming soʻmni tashkil etdi. Ikki narx oʻrtasidagi tafovut 1 mln 794 ming soʻmga yetdi.

Taqqoslash uchun, 5 yanvarda xuddi shunday quyma 8 mln 735 ming soʻmdan sotilgan va 8 mln 395 ming soʻmdan qaytarib xarid qilingan. Oʻshanda narxlar oʻrtasidagi farq 340 ming soʻm yoki 3,9 foizni tashkil etgan edi.

Shu tariqa, yil boshidan buyon sotish va qayta xarid narxlari oʻrtasidagi tafovut 16,3 foiz punktga kengayib, besh baravardan koʻproqqa oshgan.

Eʼtiborli jihati, 5 grammlik quymaning sotish narxi yil boshidagi koʻrsatkichdan 1,9 foizga yuqori boʻlib qolayotgan bir paytda, uni qaytarib sotib olish narxi aksincha, 15,3 foizga pasaygan.

Narxlar oʻrtasidagi tafovut soʻnggi kunlarda ham kengayishda davom etmoqda. Xususan, 16 noyabrda 5 grammlik quyma boʻyicha farq 17,2 foizni, 19 noyabrda esa 19,2 foizni tashkil etgan.

20 noyabr holatiga 100 grammlik oltin quyma 178 mln 26 ming soʻmdan sotilmoqda. Uni qadogʻi but holatda qaytarib sotib olish narxi esa 142 mln 133 ming soʻm etib belgilangan. Bunda narxlar oʻrtasidagi tafovut qariyb 35,9 mln soʻmni tashkil etadi.

Qadogʻi buzilgan yoki texnik talablarga javob bermaydigan quymalarda farq yanada kattaroq. Masalan, 5 grammlik quyma bunday holatda 7 mln 35 ming soʻmdan qayta xarid qilinadi. Bu joriy sotish narxidan qariyb 21 foizga past.

Mazkur tafovut oltinni investitsiya sifatida xarid qilayotgan fuqarolar uchun muhim. Chunki bugungi narxda sotib olingan quymani shu kunning oʻzida qayta sotish, narxlar oʻzgarmagan taqdirda, xarid qiymatining beshdan bir qismiga teng yoʻqotishga olib keladi. 

Jahon bozorida oltin arzonlashmoqda

Oʻzbekistonda oltin quymalari narxining pasayishi jahon bozoridagi vaziyat bilan bogʻliq. Xalqaro bozorda oltin arzonlashgani sari Markaziy bank belgilaydigan quyma narxlari ham pasaymoqda.

20 noyabrda 5 grammlik quyma 8 mln 901 ming soʻmga tushib, soʻnggi 10 oydagi eng past koʻrsatkichni qayd etdi. Bu mart oyidagi 10 mln 864 ming soʻmlik rekord narxdan 18,1 foizga past.

Reuters maʼlumotlariga koʻra, 20 noyabr kuni jahon bozorida oltinning bir troy unsiyasi 3 513,54 dollargacha arzonlab, 2025 yil sentabrdan buyon eng past darajaga tushdi. Qimmatbaho metall narxiga AQSh dollarining mustahkamlanishi va Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini oshirishi haqidagi kutilmalar bosim oʻtkazmoqda.

Biroq jahon bozorida oltinning arzonlashishi Oʻzbekistonda quymalarning sotish va qayta xarid narxlari oʻrtasidagi farq nima sababdan 20 foizdan oshganini toʻliq tushuntirib bermaydi.

Markaziy bank izohiga koʻra, oltin quymalarining sotish va qaytarib sotib olish narxlari jahon bozoridagi oltin qiymati hamda regulyator tomonidan belgilangan marja yoki chegirmalar asosida shakllanadi.

Marja va chegirmalar miqdorini belgilashda quymalarni muomalaga chiqarish va ularning muomalasi bilan bogʻliq operatsion xarajatlar hisobga olinadi.

Shunga qaramay, Markaziy bank sotish va qayta xarid narxlari oʻrtasidagi tafovut yil boshidagi 3,9 foizdan hozirgi 20,2 foizgacha kengayishining aniq sabablarini alohida tushuntirmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+