Pul yillar davomida qancha qadrsizlanganini qanday aniqlash mumkin?
Pulning vaqt oʻtishi bilan qanday oʻzgarayotganini bilish va uning haqiqiy qiymatini tushunish uchun Markaziy bankning inflyatsiya kalkulyatoridan foydalanish mumkin.

Inflyatsiya – bu mamlakat iqtisodiyotida narxlarning umumiy oshishi natijasida pulning xarid qobiliyati pasayishi jarayonidir. Oddiy qilib aytganda, bugungi kunda maʼlum bir miqdordagi pulga xarid qilish mumkin boʻlgan mahsulot va xizmatlar miqdori vaqt oʻtishi bilan kamayadi. Shu sababli, pul qadrsizlanishini aniq hisoblash va uning real qiymatini tushunish muhimdir.
Aynan shu maqsadda Markaziy bank tomonidan inflyatsiya kalkulyatori ishlab chiqildi (foydalanish uchun havola). Ushbu vosita yordamida turli yillar oraligʻida pulingiz qanchalik qadrsizlanganini aniqlash, oʻtgan va hozirgi qiymatni solishtirish mumkin.
Inflyatsiya kalkulyatori quyidagilarni hisoblaydi:
- Narxlarning oʻzgarishi
- Davr boshidagi summaning yakuniy davrdagi qiymati
- Oʻrtacha yillik va oylik inflyatsiya darajasi
Hisob-kitoblar uchun Statistika agentligi tomonidan eʼlon qilinadigan oylik Isteʼmol Narxlari Indeksi (INI) maʼlumotlaridan foydalaniladi.

Misol uchun, agar siz 2022 yilda 2 000 000 soʻmga mahsulot sotib olgan boʻlsangiz, 2025 yil boshiga kelib, shu mahsulotni inflyatsiya taʼsirida 2 679 519 soʻmga xarid qilishingiz mumkin. Bu esa 33,83% ga qadrsizlanish deganidir.