12 128.020 so‘m

increase

29.900

14 419.000 so‘m

increase

65.790

158.520 so‘m

decrease

-0.120

12 128.020 so‘m

increase

29.900

8 soat avval
Iqtisodiyot
43

2026 yilda inflyatsiya 6,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda — Markaziy bank

Asosiy stavkaning oʻzgarishsiz qoldirilishi inflyatsiyaning barqaror pasayishiga doir xatarlar saqlanib qolayotgani bilan izohlandi. Shu bilan birga, Markaziy bank kelgusi choraklarda inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etsa, stavkani pasaytirish imkoniyati yuzaga kelishini bildirdi.

2026 yilda inflyatsiya 6,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda — Markaziy bank
Foto: AI/Pinkod.uz

Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, 2025 yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori shakllandi va barqaror yalpi talab omillari ustuvor boʻldi. Inflyatsiya pasayishda davom etib, tovarlar narxlari oʻsishining sekinlashuvi kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, talab omillari taʼsirida xizmatlar inflyatsiyasining yuqori darajada saqlanib qolishi hamda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsishi inflyatsiyaning barqaror pasayishiga xatar tugʻdirmoqda. Shu sababli pul-kredit siyosatini joriy qatʼiy darajada saqlab qolish zarur deb topildi.

Markaziy bankning bildirishicha, kelgusi choraklarda inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etsa, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlari yuzaga kelishi mumkin.

2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 7,3 foizgacha pasaydi. Bunga qatʼiy pul-kredit sharoitlari, soʻmning mustahkamlanishi va import narxlari taʼsirida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashuvi sabab boʻldi. Xususan, bazaviy inflyatsiya 5,7 foizgacha tushdi.

Xizmatlar inflyatsiyasi sekinlashganiga qaramay, umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, dekabr oyida inflyatsion kutilmalar biroz oshgani qayd etildi.

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2026 yil yakunida inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul oʻtkazmalarining ortib borishi daromadlar oʻsishi hamda isteʼmol talabini qoʻllab-quvvatlaydi.

Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari taklifi bilan bogʻliq xatarlar hamda qish mavsumida taʼminotdagi uzilishlar kelgusi oylarda narxlarga bosim oʻtkazishi mumkin.

Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolayotgan boʻlsa-da, asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasayish trendiga oʻtdi, jahon iqtisodiyotida oʻsish surʼatlari kutilganidan yuqori shakllandi.

Qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi kelgusida ham eksport tushumlari va byudjet daromadlarida muhim ulushni taʼminlashi prognoz qilinmoqda.

2025 yilda eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul oʻtkazmalari hisobiga soʻm 6,9 foizga mustahkamlandi, bu esa import inflyatsiyasi bosimini kamaytirdi.

Bank tizimida likvidlik profitsiti saqlanib qolayotgan sharoitda likvidlikni jalb qilish operatsiyalarining jadallashtirilishi pul bozori stavkalarining asosiy stavkaga yaqin — 13,5–13,8 foiz atrofida shakllanishini taʼminladi. Natijada ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi jamgʻarmalarni ragʻbatlantirib, pul-kredit sharoitlarining qatʼiyligini taʼminlab qolmoqda.

Joriy iqtisodiy faollik fonida yil yakunida iqtisodiy oʻsish surʼatlari 6,5–7 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.


Avvalroq Pinkod ayrim banklarda kechikkan kreditlar boʻyicha stavka 180 foizgacha oshirilayotgani haqida xabar bergan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+