12 122.070 so‘m

increase

48.780

14 187.670 so‘m

increase

29.320

156.390 so‘m

increase

1.230

12 122.070 so‘m

increase

48.780

14 soat avval
Bank
83

Ayrim banklarda kechikkan kreditlar boʻyicha stavka 180 foizgacha oshirilmoqda

Markaziy bank oʻtkazgan oʻrganishlar natijasida ayrim tijorat banklarida kredit toʻlovlari kechikkan taqdirda foiz stavkalari bir necha barobarga oshirilayotgani aniqlandi. Ayrim holatlarda ushbu stavka yillik 180 foizgacha yetkazilmoqda. Regulyator bunday amaliyotni nomaqbul deb baholab, banklardan kredit shartnomalarini qayta koʻrib chiqishni talab qildi.

Ayrim banklarda kechikkan kreditlar boʻyicha stavka 180 foizgacha oshirilmoqda
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki joriy yilning 20 yanvar kuni tijorat banklariga 26-20/150-sonli xat yuborib, kredit (mikroqarz) shartnomalarida toʻlov majburiyatlari buzilgan hollarda qoʻllanilayotgan ayrim chora va sanksiyalarni keskin tanqid qildi.

Regulyator tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida ayrim tijorat banklari kredit shartnomalariga toʻlov muddati oʻtkazib yuborilganda, muddatli penyadan tashqari qoʻshimcha ravishda bir martalik qatʼiy summadagi jarima undirish shartlarini kiritgani aniqlangan.

Toʻlovlar muddati buzilganda kechiktirilgan toʻlov summasi uchun hisoblanadigan foiz kredit boʻyicha shartnomada belgilangan yillik stavkaga nisbatan 1,5-3 barobarga, baʼzi holatlarda esa yillik 150-180 foizgacha oshirilmoqda. Bunda, ushbu sanksiya foizli daromadning muqobil shakliga aylanmoqda. 

Bundan tashqari, kredit boʻyicha foizlarni toʻlash kechiktirilganda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penya hisoblanayotgani, shuningdek kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bogʻliq boʻlmagan qoʻshimcha bir martalik jarimalar qoʻllanilayotgani aniqlangan.

Yaʼni, qarz oluvchi toʻlovni kechiktirgan taqdirda, unga nisbatan bir vaqtning oʻzida ham qonunchilikda nazarda tutilgan penya, ham shartnomada belgilangan alohida jarima (qatʼiy summa) undirilmoqda.

Markaziy bank ushbu amaliyotni nomaqbul deb baholab, bir qator jiddiy xatarlarni koʻrsatib oʻtgan. Jumladan:

Manfaatlar toʻqnashuvi. Bunday shartlar kreditorni mijozning toʻlov intizomini mustahkamlashga emas, balki aksincha, toʻlov kechikishidan iqtisodiy foyda olishga undaydi. Natijada bank qarz oluvchining moliyaviy qiyinchilikka duch kelishidan manfaatdor boʻlib qolishi mumkin.

Shaffoflikning pasayishi. Kredit rasmiylashtirish jarayonida mijoz kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy oqibatlarni toʻliq anglab yetmasligi ehtimoli yuqori. Qoʻshimcha yoki “yashirin” jarimalarning mavjudligi kredit shartnomalarining shaffofligini buzadi.

Ishonchsizlik va ijtimoiy xatarlar. Mazkur amaliyot banklar va mijozlar oʻrtasidagi manfaatlar muvozanatini izdan chiqarib, fuqarolarning noroziligini kuchaytirishi hamda bank tizimiga boʻlgan ishonchning pasayishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy bank xatda majburiyatlarni kechiktirib bajarganlik uchun qoʻllaniladigan sanksiyalar faqat kompensatsion xarakterga ega boʻlishi lozimligini alohida taʼkidlab, kreditorning kechikishdan iqtisodiy manfaatdor boʻlishiga olib keladigan shartnoma shartlarini yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat deb baholagan.

Shu munosabat bilan regulyator tijorat banklaridan kredit shartnomalarini qayta koʻrib chiqishni talab qilgan. Xususan, toʻlovlar kechiktirilgan hollarda qoʻllaniladigan jarimalar faqat bankning koʻrgan haqiqiy zararini qoplashga qaratilgan boʻlishi, shuningdek kechikish holatlaridan sunʼiy daromad olishga xizmat qiluvchi jarima mexanizmlaridan voz kechilishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+