11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
19

Markaziy bank iqtisodiy oʻsish prognozini 8 foizga, inflyatsiya prognozini esa 7 foizga koʻtardi

2026 yil yakunida Oʻzbekiston iqtisodiyoti avval kutilganidan tezroq oʻsishi, biroq narxlar oshishi ham yuqoriroq boʻlishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bank 2027 yil uchun iqtisodiy oʻsish kutilmalarini ham yaxshiladi, inflyatsiyani esa kelasi yil 5 foizlik maqsadli koʻrsatkichgacha pasaytirishni rejalashtirmoqda.

Markaziy bank iqtisodiy oʻsish prognozini 8 foizga, inflyatsiya prognozini esa 7 foizga koʻtardi

Oʻzbekiston Markaziy banki 4 noyabr kuni taqdim etilgan yangilangan makroiqtisodiy prognozlarida 2026 yil uchun yalpi ichki mahsulotning (YaIM) real oʻsishini 8 foiz darajasida baholadi. Avvalgi prognozda iqtisodiyot 7,5–8 foizga oʻsishi kutilgan edi.

Shu bilan birga, yil yakuni uchun inflyatsiya prognozi 6,5 foizdan 7 foizga koʻtarildi. Bu avvalgi bahoga nisbatan 0,5 foiz punktga yuqori.

Markaziy bank boshqaruvi 4 noyabrdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Regulyator bu qarorni ichki talabning yuqoriligi va inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotgani bilan izohladi.

2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,3 foizga oʻsdi. Sanoat, qurilish va xizmatlar sohasi iqtisodiy faollikning asosiy omillari boʻldi. Markaziy bank yilning qolgan qismida investitsiyalar va aholi real daromadlarining oshishi ichki talabni qoʻllab-quvvatlashini kutmoqda.

Taqqoslash uchun, 2025 yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga oʻsgan. Agar yangi prognoz amalga oshsa, joriy yilda iqtisodiy oʻsish surʼati oʻtgan yilga nisbatan 0,3 foiz punktga tezlashadi.

Regulyator kelgusi yillar uchun ham iqtisodiy oʻsish prognozlarini oshirdi. Xususan, 2027 yilda YaIMning real oʻsishi 7–7,5 foiz boʻlishi kutilmoqda. Avvalgi prognozda bu koʻrsatkich 6–7 foiz oraligʻida edi.

2028 yil uchun iqtisodiy oʻsish prognozi ham avvalgi 6–7 foizdan 6,5–7,5 foizgacha koʻtarildi. 2029 yilda ham iqtisodiyot 6,5–7,5 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Yangilangan prognozlarda investitsiyalarning oʻsish surʼatlari ham yuqoriroq baholangan. Jumladan, 2026 yilda investitsiyalar 14–16 foizga, 2027 yilda esa 12–14 foizga oshishi kutilmoqda. Avval 2027 yil uchun 7–10 foizlik oʻsish prognoz qilingan edi.

Tashqi savdo boʻyicha ham kutilmalar qayta koʻrib chiqildi. Oltinni hisobga olmaganda, eksport 2026 yilda 20–25 foizga oʻsishi prognoz qilinmoqda. Avvalgi baho 19–23 foizni tashkil etgan. 2027 yil uchun eksport oʻsishi prognozi esa 8–12 foizdan 10–14 foizgacha oshirilgan.

Biroq xorijdan pul oʻtkazmalarining oʻsishi boʻyicha kutilmalar pasaytirildi. Avval Markaziy bank 2026 yilda pul oʻtkazmalari 12–16 foizga koʻpayishini prognoz qilgan boʻlsa, yangi bahoda bu koʻrsatkich 8–10 foizni tashkil etmoqda. 2025 yilda pul oʻtkazmalari 27,6 foizga oshgan edi.

Inflyatsiya prognozining oshirilishiga esa ichki talabning yuqoriligi, jahon bozorlaridagi energiya resurslari narxlari bilan bogʻliq xatarlar hamda ayrim tartibga solinadigan narxlarning rejalashtirilgan oshirilishi sabab qilib koʻrsatilmoqda.

Sentabr oyida Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 6,4 foiz, bazaviy inflyatsiya esa 5,5 foizni tashkil etgan. Markaziy bank iqtisodiyotdagi talab ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori shakllanayotgani narxlar oshishiga bosimni saqlab qolishi mumkinligini qayd etmoqda.

Shunga qaramay, regulyator 2027 yil yakuniga borib inflyatsiya 5 foizgacha pasayishini kutmoqda. Bu koʻrsatkich 2028–2029 yillarda ham 5 foiz darajasida saqlanishi prognoz qilingan.

Markaziy bankning yangilangan asosiy ssenariysida umumiy fiskal taqchillik 2026–2029 yillar davomida YaIMga nisbatan 3 foiz darajasida boʻlishi nazarda tutilgan.

Mazkur koʻrsatkichlar Markaziy bankning asosiy ssenariy boʻyicha prognozlari boʻlib, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarning oʻzgarishiga qarab qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+