11 973.900 so‘m

increase

64.240

13 700.540 so‘m

increase

111.620

154.820 so‘m

increase

2.540

11 973.900 so‘m

increase

64.240

2 soat avval
Iqtisodiyot
69

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 6,4 foizgacha tezlashdi

2026 yil iyun oyida Oʻzbekistonda isteʼmol narxlari indeksi oy davomida 0,6 foizga oshdi. Yillik inflyatsiya may oyidagi 5,5 foizdan 6,4 foizgacha tezlashdi. Narxlar oʻsishiga asosan elektr, gaz va koʻmir tariflari, shuningdek, transport xarajatlarining oshishi taʼsir qildi.

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 6,4 foizgacha tezlashdi

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, iyunda yigʻma INI 100,6 foizni tashkil etdi. Yil boshidan buyon isteʼmol narxlari 3,3 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 2025 yil iyunida yillik inflyatsiya 8,7 foiz boʻlgan edi.

Meva-sabzavot mahsulotlari narxlaridagi mavsumiy pasayish hisobga olinmaganda esa, narxlar oy davomida 1,5 foizga oshgan. Bu koʻrsatkich yil boshidan buyon 4,2 foiz, yillik hisobda esa 6,9 foizni tashkil etdi.

Narxlar oʻsishida eng katta taʼsir “Turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilgʻi turlari” boʻlimi hissasiga toʻgʻri keldi. Ushbu boʻlimda narxlar bir oyda 7,8 foizga, yillik hisobda esa 13,4 foizga oshdi. Transport boʻlimida narxlar oy davomida 2,4 foizga qimmatlashdi.

Iyun oyidan aholi uchun elektr energiyasi va tarmoq gaziga yangilangan tariflar joriy etildi. Respublika boʻyicha oʻrtacha hisobda elektr energiyasi 9,6 foizga, tarmoq gazi esa 10,7 foizga qimmatlashdi. Elektr energiyasi narxlarining oshishi oylik INI oʻsishiga 0,22 foiz punkt, tarmoq gazidagi oʻsish esa 0,16 foiz punkt hissa qoʻshgan.

Bundan tashqari, ilgari aholiga tartibga solinadigan narxlarda sotilgan koʻmir narxi 2,1 barobarga oshdi. Bu omilning oʻzi iyun oyidagi umumiy inflyatsiyaga 0,48 foiz punkt taʼsir koʻrsatgan. Qoʻmita izohiga koʻra, 2026 yil iyunidan boshlab koʻmir ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning strategik turlari roʻyxatidan chiqarilgan va uning narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan.

Transport xarajatlarida ham sezilarli oʻsish qayd etildi. Benzin narxlari oy davomida oʻrtacha 3,9 foizga oshdi. Xususan, AI-92 benzini 3,6 foizga, AI-95 6 foizga, AI-98 va AI-100 esa 3,9 foizga qimmatlashgan. Propan narxi 11,3 foizga, metan narxi esa 8,8 foizga oshdi. Taksi xizmatlari 1,3 foizga qimmatlashgan boʻlsa, temir yoʻl chiptalari 0,3 foizga, aviaqatnovlar esa 0,6 foizga arzonlashdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari esa inflyatsiyani biroz “ushlab turgan” omil boʻldi. Iyun oyida oziq-ovqat va spirtsiz ichimliklar boʻlimida narxlar 1,5 foizga pasaydi. Meva-sabzavotlardagi mavsumiy arzonlashuv umumiy narxlar oʻsishini 0,61 foiz punktga kamaytirgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida guruch va guruch oqshogʻi 2,3 foizga, grechka va pasterizatsiya qilingan sut 1,2 foizga, shakar, qoʻy goʻshti va suyaksiz mol goʻshti 1 foizga qimmatlashdi. Tuxum narxi 0,8 foizga, baliq narxlari esa 0,7 foizga oshdi.

Meva-sabzavotlarda esa keskin pasayishlar kuzatildi. Bir oy davomida baqlajon 46,6 foizga, pomidor 38,3 foizga, bulgʻor qalampiri 31,4 foizga, tarvuz 26,3 foizga, bodring 25 foizga arzonlashdi. Shu bilan birga, sabzi 6,5 foizga, piyoz esa 3,6 foizga qimmatlashgan.

Hududlar kesimida yillik inflyatsiya boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Samarqand viloyatida qayd etildi — 6,8 foiz. Qashqadaryoda bu koʻrsatkich 6,7 foiz, Andijon va Toshkent shahrida 6,6 foizni tashkil qildi. Eng past yillik koʻrsatkich Surxondaryo viloyatida qayd etildi — 5,7 foiz.

Umuman olganda, iyun oyidagi inflyatsiyaning asosiy drayveri oziq-ovqat emas, balki tartibga solinadigan tariflar va yoqilgʻi narxlari boʻldi. Meva-sabzavotlardagi mavsumiy arzonlashuv umumiy koʻrsatkichni pasaytirgan boʻlsa-da, elektr, gaz, koʻmir va transportdagi oʻsish yillik inflyatsiyani yana yuqoriga tortdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+