12 014.370 so‘m

increase

40.930

13 280.680 so‘m

decrease

-1.460

146.190 so‘m

increase

1.660

12 014.370 so‘m

increase

40.930

8 soat avval
Bank
92

Asosiy stavka qachon pasaytiriladi? Markaziy bank shartlarni maʼlum qildi

Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirish uchun aniq muddat belgilamagan. Inflyatsiya 2027 yilning ikkinchi yarmida 5 foizga tushishi kutilsa-da, pul-kredit siyosatini yumshatish narxlar oʻsishi va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishiga bogʻliq boʻladi. Regulyator 2027 yilda ham qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlashni koʻzda tutmoqda.

Asosiy stavka qachon pasaytiriladi? Markaziy bank shartlarni maʼlum qildi

Oʻzbekiston Markaziy banki 2027 yilda qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni, inflyatsiya 5 foizlik maqsadli darajada barqarorlashganidan keyingina ularni bosqichma-bosqich yumshatishni koʻzda tutmoqda.

Bu haqda regulyatorning 2027 yil va 2028–2029 yillarga moʻljallangan pul-kredit siyosati asosiy yoʻnalishlari konseptual loyihasida maʼlum qilingan.

Hujjatga koʻra, Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga 2027 yilning ikkinchi yarmida erishishni kutmoqda. Keyingi ikki yilda esa narxlar oʻsishi ushbu daraja atrofida barqaror shakllanishi prognoz qilingan.

Bunda inflyatsiyani pasaytirishga ichki talab oʻsishining muvozanatlashuvi, qatʼiy pul-kredit sharoitlari, tashqi narx bosimining yumshashi hamda ishlab chiqarish imkoniyatlarining kengayishi yordam berishi kutilmoqda.

Xususan, 2026 yilda energiya resurslari va kommunal xizmatlar tariflari oshirilishining birlamchi taʼsiri yillik inflyatsiya hisobidan chiqib ketishi 2027 yilda inflyatsiyani 0,8–0,9 foiz bandga pasaytirishi mumkin.

Shuningdek, bazaviy inflyatsiyaning kelgusi yilda 4–5 foizgacha tushishi prognoz qilinmoqda.

Asosiy stavkani pasaytirish uchun qanday shartlar bajarilishi kerak?

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarini yumshatish boʻyicha qarorlarni muayyan kalendar muddatlarga bogʻlamasligini bildirgan.

Regulyatorning baholashicha, buning uchun umumiy va bazaviy inflyatsiya barqaror pasayishi, aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari 5 foizlik maqsadga yaqinlashishi hamda iqtisodiyotdagi talab ishlab chiqarish imkoniyatlariga muvofiqlashishi kerak.

Bundan tashqari, tashqi iqtisodiy xatarlarning kamayishi, byudjet siyosati parametrlarining barqarorligi va tartibga solinadigan narxlar islohotining asosiy bosqichlari yakunlanishi ham muhim shartlar sifatida koʻrsatilgan.

Asosiy ssenariyga koʻra, 2027 yilda banklararo pul bozoridagi UZONIA stavkasining real darajasi 6–7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. 2028–2029 yillarda esa pul-kredit sharoitlarining moʻʼtadillashuvi bilan mazkur koʻrsatkich 4–5 foizgacha pasayishi mumkin.

Biroq bu asosiy stavka kelgusi yilda 6–7 foizga tushirilishini anglatmaydi. UZONIAning real darajasi inflyatsiya taʼsiri hisobga olingan banklararo foiz stavkasi boʻlib, regulyator asosiy stavka boʻyicha oldindan belgilangan yoʻnalish yoki majburiyatni nazarda tutmayapti.

Markaziy bank qatʼiy pul-kredit sharoitlari soʻmdagi omonatlarning jozibadorligini saqlash, kreditlash oʻsishini muvozanatlashtirish va ichki talab orqali yuzaga keladigan inflyatsion bosimni cheklashga xizmat qilishini kutmoqda.

2029 yilgacha qanday maqsadlar belgilangan?

Markaziy bank kelgusi uch yilda pul-kredit siyosatini beshta ustuvor yoʻnalishda rivojlantirishni koʻzda tutgan.

Birinchi yoʻnalish — narxlar barqarorligi. Regulyator inflyatsiyani 5 foiz atrofida saqlash bilan cheklanmay, aholi va tadbirkorlarning kelgusi narxlar oʻsishi boʻyicha kutilmalarini ham ushbu darajaga yaqinlashtirishni maqsad qilgan.

Bu aholi va biznes oʻz isteʼmol, jamgʻarish hamda investitsiya qarorlarini nisbatan barqaror narxlar sharoitida rejalashtirishiga imkon berishi kutilmoqda.

Ikkinchi yoʻnalish — asosiy stavkaning kredit va omonatlarga taʼsirini kuchaytirish. Markaziy bank asosiy stavkadagi oʻzgarishlar banklararo pul bozori orqali depozit va kredit stavkalariga toʻliqroq uzatilishini taʼminlamoqchi.

Buning uchun bank tizimi likvidligini boshqarish mexanizmlari takomillashtiriladi, foiz koridori qayta koʻrib chiqiladi va UZONIA stavkasining bozordagi ahamiyati oshiriladi.

Uchinchi yoʻnalish — moliya bozorlarini rivojlantirish. Bunda banklararo pul bozori, valyuta va foiz xatarlarini kamaytirishga xizmat qiluvchi xedjirlash instrumentlari hamda ishonchli daromadlilik egri chizigʻini shakllantirish nazarda tutilgan.

Mazkur oʻzgarishlar banklar va investorlarga turli muddatdagi moliyaviy resurslar qiymatini baholash, foiz va valyuta xatarlarini boshqarish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Toʻrtinchi yoʻnalish — milliy valyutaga ishonchni oshirish. Markaziy bank soʻmdagi jamgʻarmalar ulushini koʻpaytirish, depozit va kreditlar dollarlashuvini kamaytirishni maqsad qilgan.

Regulyatorning fikricha, soʻmdagi omonatlarning ijobiy real daromadliligini saqlash aholi va biznesning milliy valyutada mablagʻ jamgʻarishga qiziqishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Beshinchi yoʻnalish — shaffoflik va hisobdorlik. Markaziy bank prognozlar, asosiy stavka boʻyicha qarorlar hamda ularning iqtisodiy asoslarini jamoatchilikka yanada tushunarli va tekshirish mumkin boʻlgan shaklda yetkazishni koʻzda tutgan.

Shu maqsadda pul-kredit siyosati kommunikatsiyasi strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha alohida yoʻl xaritasi ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Kreditlash surʼatlari sekinlashishi kutilmoqda

Markaziy bankning asosiy ssenariysida iqtisodiyotdagi kredit qoʻyilmalari qoldigʻi oʻsishi 2026 yildagi 14–16 foizdan 2027 yilda 12–14 foizga, 2028–2029 yillarda esa 10–12 foizgacha moʻʼtadillashishi prognoz qilingan.

Bu banklar kredit ajratishni qisqartirishi shartligini anglatmaydi. Gap kredit portfelining oʻsish surʼati bosqichma-bosqich pasayishi haqida ketmoqda.

Regulyator kreditlashning jadal oʻsishi isteʼmol va investitsiya talabini kuchaytirishi, bu esa ishlab chiqarish imkoniyatlari yetarlicha kengaymagan sharoitda inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkinligini qayd etgan.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga yoʻnaltirilgan kreditlar uzoq muddatda iqtisodiyotning taklif imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Markaziy bankning muqobil ssenariylaridan birida yangi xorijiy banklarning bozorga kirishi va davlat banklarini xususiylashtirish jadallashishi natijasida kreditlash tezroq oʻsishi ehtimoli ham baholangan.

Bunday holatda inflyatsiya asosiy ssenariyga nisbatan 0,6–0,9 foiz band yuqori shakllanishi mumkin. Regulyator bu kabi vaziyatda qatʼiy pul-kredit sharoitlarini uzoqroq saqlash zarurati yuzaga kelishini istisno etmayapti.

Taʼkidlash joizki, Markaziy bankning 2027–2029 yillarga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari hozircha konseptual loyiha hisoblanadi. Hujjat boʻyicha taklif va eʼtirozlar 16 noyabrgacha qabul qilinadi.

Avvalroq Pinkod Markaziy bank 2026 yil yakuni uchun iqtisodiy oʻsish prognozini 8 foizga, inflyatsiya prognozini esa 7 foizga oshirgani haqida xabar bergan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+