11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

3 soat avval
Iqtisodiyot
51

Oʻzbekistonda qoʻy goʻshti bir yilda qariyb 20 foizga qimmatlashdi

Suyaksiz mol goʻshti narxi bir yilda 17,1 foizga, suyakli mol goʻshtiniki 15,6 foizga oshdi. Shu davrda oziq-ovqat mahsulotlari oʻrtacha 6,4 foizga qimmatlashgan. Oktabrda esa umumiy narx oʻsishining qariyb uchdan ikki qismi oziq-ovqat va alkogolsiz ichimliklar hissasiga toʻgʻri keldi.

Oʻzbekistonda qoʻy goʻshti bir yilda qariyb 20 foizga qimmatlashdi

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 2026 yil oktabrida 6,5 foizni tashkil etdi. Bu sentabrdagi koʻrsatkichdan 0,1 foiz punktga yuqori, oʻtgan yilning oktabridagidan esa 1,3 foiz punktga past.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, isteʼmol narxlari oktabrning oʻzida 0,6 foizga, yil boshidan buyon 4,8 foizga oshgan. Oʻtgan yilning dastlabki oʻn oyida narxlar 5,7 foizga koʻtarilgan edi.

Goʻsht narxlari qanchaga oshdi?

Qoʻy goʻshti narxi bir yilda 19,5 foizga oshdi. Bu oziq-ovqat narxlarining oʻrtacha oʻsishidan qariyb uch baravar yuqori. Suyaksiz mol goʻshti 17,1 foizga, suyakli mol goʻshti 15,6 foizga, qiyma esa 14,8 foizga qimmatlashdi. Taqqoslash uchun, shu davrda butun tovuq narxi 2,1 foizga, tovuqning boldir va son qismlari narxi 3,3 foizga oshgan.

Oktabrning oʻzida qoʻy goʻshti 1,4 foizga, suyakli mol goʻshti 1,2 foizga, qiyma 1,1 foizga va suyaksiz mol goʻshti 0,9 foizga qimmatlashdi. Tuxum narxi esa bir oyda 5,2 foizga, bir yilda 12,7 foizga oshdi.

Umuman, oziq-ovqat va alkogolsiz ichimliklar oktabrda oʻrtacha 1 foizga qimmatlashdi. Oy davomidagi umumiy narx oʻsishining qariyb 63 foizi shu guruh hissasiga toʻgʻri keldi. Yil boshidan buyon esa oziq-ovqat, uy-joy va kommunal xizmatlar hamda transport birgalikda narxlar oʻsishining qariyb 70 foizini bergan.

Oktabrda kartoshka qimmatlashdi, limon arzonlashdi

Oktabrda bodring va baqlajon narxi 9 foizga, pomidorniki 8,8 foizga, bulgʻor qalampiriniki 8,7 foizga oshdi. Kartoshka bir oyda 5,3 foizga qimmatlashgan boʻlsa-da, bir yil avvalgidan 3,5 foiz arzon. Bodring va baqlajon narxi ham oʻtgan yilning oktabridagidan mos ravishda 21,2 va 31,6 foiz pastroq.

Ayni paytda limon bir oyda 15 foizga, uzum 7,5 foizga, olma esa 3 foizga arzonlashdi. Oktabrdagi pasayishga qaramay, limon narxi bir yil avvalgidan 11,3 foiz yuqori. Shakar esa bir oyda 2,2 foizga arzonlashdi, yillik hisobda uning narxi 0,6 foizga oshgan.

Meva-sabzavot narxlaridagi oʻzgarishlar hisobga olinmaganda, yillik inflyatsiya 6,8 foizni tashkil etdi. Bu umumiy koʻrsatkichdan 0,3 foiz punktga yuqori.

Toshkentda metro va avtobusda yoʻl haqi 26,1 foizga oshdi

Oktabrda yangi tariflar kuchga kirgach, Toshkent metrosi va shahar avtobuslarida yoʻl haqi 26,1 foizga oshdi. Bu oʻzgarish mamlakat boʻyicha shahar avtobuslarida qatnov narxining oʻrtacha 7,1 foizga koʻtarilishiga taʼsir qildi. Taksida yoʻl haqi respublika boʻyicha 1,3 foizga, Toshkent shahrida esa 2,5 foizga qimmatlashdi.

Benzin oktabrda oʻrtacha 1 foizga qimmatlashdi. AI-92 narxi 0,5 foizga, AI-95 narxi 2,6 foizga, AI-98 va AI-100 narxi 5,3 foizga oshdi. Bir yil ichida benzin oʻrtacha 19,5 foizga, propan esa 44,7 foizga qimmatlashgan.

Statistika qoʻmitasi soʻmning yevroga nisbatan mustahkamlanishi taʼsirida ichki aviaqatnovlar narxi bir oyda 1,4 foizga tushganini qayd etdi. Xalqaro qatnovlar esa yoqilgʻi yigʻimlari oshishi ortidan 0,7 foizga qimmatlashdi.

Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tariflar oshirilgach, sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari mamlakat boʻyicha oʻrtacha 4,7 foizga qimmatlashdi. Hududlar orasida yillik inflyatsiya eng yuqori Toshkent shahrida kuzatildi. Poytaxtda narxlar bir yilda 7,4 foizga oshgan. Eng past koʻrsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etildi — 5,5 foiz.

Markaziy bank yil yakunida qariyb 7 foiz inflyatsiya kutmoqda

Markaziy bank 4 noyabr kuni asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi va yil yakunidagi inflyatsiya prognozini 6,5 foizdan qariyb 7 foizgacha oshirdi.

Regulyator prognozni qayta koʻrib chiqishda yuqori ichki talab, jahon bozoridagi energiya narxlari bilan bogʻliq xatarlar va ayrim tartibga solinadigan narxlarning oshganini hisobga olgan. Markaziy bank 2027 yil oxiriga borib yillik inflyatsiya 5 foizgacha pasayishini kutmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+