Markaziy bank tijorat banklarini kredit shartnomalaridagi shartlar boʻyicha ogohlantirdi
Markaziy bank tijorat banklarining ayrimlari kredit shartnomalariga qonunchilikka zid holda mijoz huquqlarini cheklovchi shartlar kiritayotganini aniqlab, 6 oktabr kuni barcha banklarga rasmiy ogohlantirish yubordi. Regulyator banklardan bunday amaliyotni toʻxtatishni va kredit toʻlov jadvallaridagi har qanday oʻzgarishlar haqida qarzdorlarga oʻz vaqtida axborot berishni talab qilgan.

Soʻnggi vaqtlarda ayrim tijorat banklari tomonidan rasmiylashtirilgan kredit shartnomalarida yangi holatlar kuzatilmoqda. Jumladan, kreditni qaytarish jadvalida koʻrsatilgan toʻlov sanalari va miqdorlari kreditdan foydalanish jarayonida oʻzgargan taqdirda, yangilangan jadval faqat qarzdorning soʻrovi asosida taqdim etilishi haqidagi shartlar kiritilmoqda.
Markaziy bank bu kabi amaliyot qonunchilik talablariga zid ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, regulyator 6 oktabr kuni barcha tijorat banklariga rasmiy ogohlantirish xatini yubordi.
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 66-moddasiga muvofiq, banklar koʻrsatiladigan xizmatlarning shartlari va qiymati haqida mijozga axborot berishni rad etishga haqli emas. Kredit berish shartlari boʻyicha barcha zarur maʼlumotlar mijozga toʻliq va oʻz vaqtida yetkazilishi lozim.
Shuningdek, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida ijrochi isteʼmolchiga koʻrsatilayotgan xizmatlar haqida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shartligi, 21-moddasida esa isteʼmolchi huquqlarini cheklaydigan shartlar haqiqiy emasligi belgilab qoʻyilgan.
Bundan tashqari, “Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida”gi nizomning (roʻyxat raqami 3030, 2018 yil 2 iyul) 121-bandiga koʻra, banklar shartnoma imzolangan kunda isteʼmolchiga shartnomaning bitta asl nusxasini taqdim etishi shart.
Markaziy bank qayd etishicha, kreditni qaytarish jadvali — kredit shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadi. Unda qarzdor uchun muhim boʻlgan maʼlumotlar — kredit qoldigʻi, asosiy qarz va foiz toʻlovlari miqdorlari hamda ularning amalga oshirilish sanalari keltiriladi. Shu sababli, jadvaldagi har qanday oʻzgarishlar kredit shartlariga tegishli boʻlib, ular isteʼmolchiga oʻz vaqtida yetkazilishi lozim.
Aks holda, qarzdorning toʻlov sanalari yoki summalari haqida xabardor boʻlmasligi toʻlovlarning kechikishiga, ortiqcha foizlar hisoblanishiga, jarimalar qoʻllanishiga, kredit tarixining yomonlashishiga, shuningdek bank va qarz oluvchi oʻrtasida nizolar kelib chiqishiga olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan, Markaziy bank barcha tijorat banklariga quyidagilarni topshirdi:
- kredit shartnomalariga isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi shartlarni kiritish amaliyotini darhol toʻxtatish;
- avval tuzilgan kredit shartnomalariga bunday shartlarni bekor qiluvchi oʻzgartirishlar kiritish;
- kredit toʻlov jadvalida kredit qoldigʻi, toʻlov sanasi, asosiy va foiz qarzi boʻyicha toʻlov miqdorlariga oid har qanday oʻzgarishlar boʻlgan taqdirda, qarzdorga yangilangan jadvalni majburiy ravishda taqdim etishni taʼminlash.
Markaziy bank tijorat banklarining kredit shartnomalarida ustunlik kuchidan foydalanib, javobgarlikni oʻzidan olib isteʼmolchiga yuklashini qonunchilikka zid deb hisoblaydi. Shuningdek, bunday shartlar isteʼmolchilarning qonuniy huquqlarini cheklash sifatida baholanadi.
Avvalroq Markaziy bank tomonidan TBC bank, Davrbank va Hamkorbank’ga nisbatan umumiy 2,5 mlrd soʻm jarima qoʻllangani xabar qilingan edi.