Bankdan kredit olganlarning 53 foizida bir nechta qarz majburiyati mavjud — Markaziy bank
Bir nechta qarz majburiyatiga ega bank mijozlari ulushi bir yil ichida 43 foizdan 53 foizga oshgan. Jami qarzdorlarning 62 foizi faqat banklardan, 20 foizi nobank tashkilotlardan, yana 18 foizi esa har ikki turdagi tashkilotdan qarz olgan.

Markaziy bankning 2025 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhiga koʻra, yil davomida bankdan kredit olgan aholining 53 foizida bir nechta qarz majburiyati mavjud boʻlgan. 2025 yil boshida bu koʻrsatkich 43 foizni tashkil etgan.
Bunda qarzdorning nafaqat banklardagi kreditlari, balki mikromoliya va boshqa nobank tashkilotlar oldidagi majburiyatlari ham hisobga olingan. Regulyator bir vaqtning oʻzida bir nechta kreditga xizmat koʻrsatish zarurati fuqarolarning toʻlov qobiliyatini zaiflashtirishi mumkinligini taʼkidlagan.
2026 yil 1 yanvar holatiga jami qarzdor aholining 62 foizi faqat banklardan, 20 foizi faqat bankdan tashqari tashkilotlardan qarz olgan. Yana 18 foiz fuqaroning ham banklar, ham nobank tashkilotlar oldida majburiyati mavjud. Oxirgi koʻrsatkich bir yil ichida 10 foiz bandga oshgan.
Shu bilan birga, bankdan kredit olgan jismoniy shaxslarning umumiy qarz yuki biroz pasaygan. Ularning barcha majburiyatlarini hisobga olgan holdagi oʻrtacha DSTI, yaʼni oylik qarz toʻlovlarining daromadga nisbati 38 foizdan 37 foizga tushgan.
2025 yil yakunida bank krediti mavjud aholi soni 11 foizga koʻpayib, 5,2 mln kishiga yetgan. Har ming nafar mehnatga layoqatli aholiga 244 nafar qarzdor toʻgʻri kelgan.









