11 889.950 so‘m

decrease

-44.660

13 717.440 so‘m

decrease

-70.610

143.930 so‘m

decrease

-0.710

11 889.950 so‘m

decrease

-44.660

4 soat avval
Bank
80

Kredit reklamasi va shartnomalariga yangi talablar joriy etilishi mumkin

Markaziy bank kredit reklamasi va shartnomalarida qarzni oʻz vaqtida toʻlamaslik oqibatlari haqida ogohlantirish joylashtirishni taklif qilmoqda. Ogohlantirish reklamaning kamida 10 foizini, kredit shartnomasining dastlabki qismida esa kamida 30 foiz joyni egallashi kerak boʻladi.

Kredit reklamasi va shartnomalariga yangi talablar joriy etilishi mumkin

Markaziy bank boshqaruvi bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan ishlash boʻyicha minimal talablarga oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi.

Loyihaga koʻra, banklar kredit reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ogohlantirishi kerak boʻladi. Bunday ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni yoki vaqtining kamida 10 foizini egallashi lozim.

Kredit shartnomalariga ham alohida talab joriy etish taklif qilinmoqda. Ogohlantirish shartnoma matni boshlanishidan oldin joylashtirilib, uning dastlabki qismi asosiy yuzasining kamida 30 foizini egallashi kerak.

Unda kredit majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaslik quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkinligi koʻrsatiladi:

  • umumiy qarzdorlik miqdorining oshishi;
  • qarzni undirish boʻyicha majburiy ijro choralarining qoʻllanishi;
  • qarzdor nomidagi mol-mulkka undiruv qaratilishi;
  • hisobvaraqlardagi mablagʻlarning xatlanishi;
  • kredit tarixiga salbiy taʼsir koʻrsatib, kelajakda kredit olish imkoniyatining cheklanishi.

Ogohlantirish toʻliq mazmuni saqlangan holda grafik, infografika yoki boshqa vizual shaklda ham berilishi mumkin. Biroq uning joylashuvi va hajmi 30 foizlik talabdan kam boʻlmasligi lozim.

Amaldagi tartibda banklar jismoniy shaxslar bilan tuziladigan kredit shartnomasining birinchi sahifasida kreditning toʻliq qiymatini alohida ramkada koʻrsatishi shart.

Yangi loyiha bunga qoʻshimcha ravishda qarzni toʻlamaslik oqibatlari haqidagi yirik ogohlantirishni ham nazarda tutmoqda. Amaldagi nizom kredit shartnomasida mablagʻni berish shartlari, bankning javobgarligi va kreditning toʻliq qiymatini koʻrsatishni talab qiladi.

Bundan tashqari, bank taklif qilayotgan kredit mahsuloti isteʼmolchini chalgʻituvchi deb topilishi sanksiya qoʻllash uchun alohida asos sifatida belgilanmoqda. Bunday holatda Markaziy bank bankning ayrim moliyaviy operatsiyalarini yoki infratuzilmasini kengaytirishni olti oygacha cheklashi yoxud taqiqlashi mumkin. 

Amaldagi nizomda bunday chora isteʼmolchilar huquqlarining buzilishi va boshqa qator qoidabuzarliklar uchun qoʻllanishi mumkin, biroq chalgʻituvchi kredit mahsuloti alohida asos sifatida koʻrsatilmagan. 

Loyiha Prezidentning 2026 yil 15 iyuldagi PQ–265-son qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan. Ushbu qarorda mikroqarz shartnomalarining dastlabki qismida kamida 30 foizlik ogohlantirish joylashtirish hamda chalgʻituvchi kredit mahsulotlarini cheklash amaliyotini joriy etish belgilangan edi. 

Loyiha 21 avgustgacha jamoatchilik muhokamasida boʻladi. Hujjat qabul qilinsa, rasmiy eʼlon qilingan kundan bir oy oʻtib kuchga kirishi rejalashtirilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+