Mahalla bankirlari, har bir davlat bankida venchur fondi: Prezident 2025 yilda bank tizimi uchun qanday yangiliklarni aytdi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bank xizmatlari orqali mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
16 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan bank xizmatlari orqali mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va bir qator yangiliklar eʼlon qilindi.
Ishonchli mijozlar qoʻllab quvvatlanadi
Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditlarni oʻz vaqtida qaytargan, ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi. Endi ularga “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million soʻm kredit beriladi. Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholini ishli qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Har bir davlat bankiga bitta venchur kompaniya
Davlat banklari bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga oʻz mablagʻidan jami 50 million dollar ajratishi muhimligi qayd etildi. Startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ham ochish maqsadga muvofiqligi taʼkidlab oʻtildi.
Kredit tarixi uchun soliq, elektr, gaz kabi boshqa toʻlovlarni hisobga olish taklif qilindi
Oʻtgan olti yilda 1 million 600 ming nafar aholi “yaxshi” kredit tarixiga ega boʻldi. Shu bilan birga, tarixi “oʻrta” baholanganlarga yangi kredit olishda talablar kuchayishi tabiiy. Bunday mijozlarning kredit tarixini yaxshilash, kelgusida ular tadbirkorga aylanishi uchun banklar katalizator boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Kelgusi yilda loyihasi bor 100 mingta “oʻrta” toifadagi mijozlar bilan uch oylik individual reja asosida ishlash, ularning soliq, elektr, gaz kabi boshqa toʻlovlarini ham inobatga olish, moliyaviy bilimini oshirish va loyihalarini yaxshilash orqali ularni tadbirkorga aylantirish taklif qilindi.
Har bir davlat banki mikromoliya va faktoring kompaniyasi ochadi
Mustahkam huquqiy asos yaratilgani uchun joriy yilda 5,5 trillion soʻmlik mikromoliya va faktoring xizmatlari koʻrsatildi.
Endilikda har bir davlat banki oʻzining mikromoliya va faktoring kompaniyasini ochib, unga xorijiy investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bunda banklar resurslarni qarzga emas, investitsiya sifatida olib kelishni rejalashtirmoqda. Kelgusi yilda mikromoliya va faktoring kompaniyalari orqali 10 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatilishi maqsad qilingan.
Banklarga harakatsiz mulklarini bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga ruxsat beriladi
Prezident banklarni oʻylantirayotgan qator masalalar borligini taʼkidlab, ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Banklar ulardan tezroq qutilsa, qoʻshimcha resurs va 150 mingta ish oʻrni yaratish uchun zaxira paydo boʻladi.
Shu bois, banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.
Shuningdek, banklar bu mulklarni daromadli biznesga aylantirib, tayyor holda investorga sotadigan tizim yaratiladi.
Mahalla bankirlari paydo boʻladi
Mahallalar darajasida hokimlar banklar bilan hamkorlikda ishlashi zarurligi qayd etildi. Bunda tuman banklari mijozbay ishlab, tadbirkorlar loyihalariga koʻmaklashadi, ularning muammolarini joyida hal etadi, tuman hokimlari esa loyihani joy va infratuzilma bilan taʼminlash majburiyatini oladi.
Tumanlarda mahalla bankirlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Mahalla bankirlari mahallaning biznes imkoniyatlarini oʻrganadi, odamlar bilan gaplashib, ularning gʻoyalarini loyihalarga aylantiradi. Aholini kredit olish, qaytarish, biznes ochish, mahsulotini sotishga oʻrgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.