11 973.440 so‘m

increase

9.170

13 282.140 so‘m

decrease

-41.270

144.530 so‘m

increase

0.040

11 973.440 so‘m

increase

9.170

6 soat avval
Bank
69

Markaziy bank banklarga sud qaroridan keyin noqonuniy undirilgan kredit foizlari va jarimalarni qaytarishni topshirdi

Tijorat banklari 10 dekabrgacha sud qarori chiqarilgan kreditlar boʻyicha foiz va jarimalar hisoblanishini tekshirishi kerak. Aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilib, 25 dekabrgacha Markaziy bankka hisobot taqdim etiladi. 

Bunday holatga duch kelgan qarz oluvchilar Markaziy bankning 71 200-00-44 yoki 18 00 raqamlariga, shuningdek, Telegram’dagi “Bankda nima gap?” botiga murojaat qilishi mumkin.

Markaziy bank banklarga sud qaroridan keyin noqonuniy undirilgan kredit foizlari va jarimalarni qaytarishni topshirdi

Markaziy bank tijorat banklariga sud qarori chiqarilgan kreditlar boʻyicha foiz va jarimalarni hisoblash tartibini qayta tekshirish hamda noqonuniy undirilgan mablagʻlarni qarz oluvchilarga qaytarish vazifasini yukladi.

Regulyatorning Bank nazorati qoʻmitasi qaroriga muvofiq, banklarning kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari sud qaroridan keyin kredit qarzdorligiga qoʻshimcha foiz, jarima yoki penya hisoblanmasligini taʼminlashi shart.

Fuqarolik kodeksining 744-moddasi uchinchi qismiga koʻra, kredit qarzini undirish toʻgʻrisida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, unda koʻrsatilgan undiriladigan summaga nisbatan foizlar va neustoyka hisoblash toʻxtatiladi.

Yaʼni bank kredit qarzdorligini sud orqali undirishga erishganidan keyin qarorda belgilangan summani yangi foiz va jarimalar hisobiga oshirib borishi mumkin emas.

Oliy sud Plenumining tushuntirishiga koʻra, agar kredit qarzini undirish boʻyicha sud qarori 2024 yil 1 yanvargacha chiqarilgan boʻlsa, mazkur sanadan boshlab undiriladigan summaga foiz va neustoyka hisoblash toʻxtatilishi kerak. Ushbu qoida kredit qarzdorligini undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻi berilgan hollarga ham tatbiq etiladi.

Banklar 10 dekabrgacha tekshiruv oʻtkazadi

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi qarori bilan tijorat banklarining ichki audit xizmatlariga 2026 yil 10 dekabrgacha tegishli tekshiruvlarni oʻtkazish topshirildi.

Tekshiruv davomida sud qarori chiqarilgan kreditlar boʻyicha foiz va jarimalarni hisoblash oʻz vaqtida toʻxtatilgani oʻrganiladi. Aniqlangan qoidabuzarliklar esa banklarning kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari muhokamasiga kiritilishi kerak.

Bunda qonunchilikka zid ravishda hisoblangan foiz va jarimalar zudlik bilan bekor qilinishi, mijozlardan undirilgan mablagʻlar esa qisqa muddatda qaytarilishi lozim.

Bank boshqaruvlari amalga oshirilgan ishlar, aniqlangan qoidabuzarliklar va qarz oluvchilarga qaytarilgan mablagʻlar yuzasidan batafsil hisobot tayyorlashi kerak.

Ushbu hisobotlar tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga 2026 yil 25 dekabrgacha Markaziy bankka taqdim etilishi shart.

Shu bilan birga, Markaziy bank hozircha qancha kredit boʻyicha qonunga zid ravishda foiz yoki jarimalar hisoblangani, shuningdek, mijozlarga qaytarilishi kerak boʻlgan mablagʻlarning umumiy hajmini ochiqlamagan.

Qarz oluvchilar nima qilishi kerak?

Sud qarori chiqarilgan kredit boʻyicha foiz yoki jarima hisoblash davom etgan boʻlsa, qarz oluvchi bankdan qarzdorlik hisob-kitobini tekshirishni, noqonuniy hisoblangan summalarni bekor qilishni va ortiqcha undirilgan mablagʻlarni qaytarishni talab qilishi mumkin.

Bunda sud qarori chiqarilgan sana, undirilishi belgilangan summa va bank tomonidan keyinchalik hisoblangan toʻlovlarni solishtirish muhim.

Qoidabuzarlik yuzasidan Markaziy bankning 71 200-00-44 yoki 18 00 qisqa raqamli aloqa markazlariga, shuningdek, “Bankda nima gap?” Telegram botiga murojaat qilish mumkin.

Taʼkidlash joizki, sud qaroridan keyin foiz va jarimalarning hisoblanishi toʻxtatilishi qarz oluvchini sud qarorida belgilangan asosiy qarzdorlikni toʻlash majburiyatidan ozod etmaydi. Bank mazkur summani qonunchilikda belgilangan tartibda undirish huquqini saqlab qoladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+