Uzdunrobita (MTS-Oʻzbekiston): Oʻzbekistondagi eng yirik aloqa operatorlaridan birining koʻtarilishi, qulashi va mamlakatdan chiqib ketishi
2000 yillar boshidan 2012 yilga qadar Uzdunrobita (Rossiyaning MTS guruhi tarkibidagi kompaniya) Oʻzbekiston mobil aloqa bozorining yetakchilaridan biri boʻlib, oʻzining jadal rivoji, keng tarmoq qamrovi va agressiv marketingi bilan bozorda muhim oʻrin egallagan. Biroq 2012 yilda kompaniya tarixidagi eng keskin burilish sodir boʻldi: ayblovlar, sud jarayonlari, litsenziyalarning bekor qilinishi va aktivlarning musodara qilinishi MTS’ning Oʻzbekistondagi faoliyatiga nuqta qoʻydi.

Yangi mustaqil Oʻzbekistondagi “Amerika orzusi” (1991–2000)
1991 yilning avgust oyida Jorjiya shtatining Perri shahridan tish shifokori, koʻz shifokori, sugʻurta agenti, muhandis va 37 yoshli birja brokeri Brayan L. Boven Sovet Ittifoqining soʻnggi kunlarida Toshkentga uchib kelishdi. Ular mamlakatda “International Communications Group” (ICG)ni tashkil etib, qoʻshma korxonaning 45 foiz ulushini oʻzlariga olishdi. Oʻzbekiston Aloqa vazirligi esa 55 foiz ulushni saqlab qolgan holda, uskunalar, ofislar va muhandislarni bepul taqdim etdi. Uzdunrobitaʼning tashkil topishi aynan shunday boʻlgan edi.

Mazkur aloqa kompaniyasi Oʻzbekiston tarixidagi birinchi hisoblanadi. Bozorda ilk oʻyinchi ekanligi tufayli Uzdunrobita’ning ishlari tezda yurishib ketadi. Kompaniya birinchi foydasini 1993 yilda topadi. 1996 yilga kelib esa kompaniyaning bir yillik tushumi 50 mln dollarga yetadi. Oʻsha davrlardagi abonentlar soni 7 ming nafarni, ishchilar soni 224 nafarni tashkil qildi. Bu AQSh elchixonasi tomonidan "Oʻzbekistondagi yagona muvaffaqiyat hikoyasi" deb taʼriflangan.
Keyinchalik (2000 yillarga kelib) pokistonlik investorlar Amerika ulushining bir qismini 2 mln dollar naqd pul va Pokistondagi taksofon kompaniyasining aksiyalari evaziga sotib olishdi.
Gulnora Karimovaning reyderlik hujumi (2001–2004)
Hammasi mamlakat birinchi rahbarining qizi Gulnora Karimova telekommunikatsiya sohasini oʻziga olishga qaror qilganda oʻzgardi. 2001 yil oxirida u ICG prezidenti Shahid Ferozga yuzlanib, undan 20% ulush talab qildi. Agar talablari bajarilmasa u litsenziyani bekor qilib, kompaniyani yoʻq qilish bilan tahdid qildi.
Bir necha oy ichida Karimova davlatning 31% ulushini oʻzining Gibraltar va Dubaydagi offshor kompaniyalariga (Swisdorn Ltd, Revi Holdings) oʻtkazishni uyushtirdi hamda buning uchun bir soʻm ham toʻlamadi. 2002–2003 yillarga kelib, u ishonchli vakillar orqali kompaniyani toʻliq nazoratga oldi. Boshqaruvni qoʻlga olgach, pullar soxta konsalting shartnomalari, “lobbichilik” toʻlovlari va narxi oshirib koʻrsatilgan bitimlar orqali unga oqib keldi. Yolgʻiz Huawei kompaniyasining oʻzi tarmoq uskunalari uchun toʻlovlarni uning soxta firmalari (shell companies) orqali oʻtkazgan.
MTSga sotuv: Bitim niqobi ostidagi 420 mln dollarlik pora (2004–2012)
Quyida AQSh adliya vazirligidan olingan sud ishi hujjatidan bir qism keltirib oʻtiladi:

Korrupsion sxemani davom ettirish maqsadida AKHMEDOV va KARIMOVA koʻplab toʻlovlarni amalga oshirgan hamda ularni KARIMOVA nazoratidagi ayrim kompaniyalar hamda ofshor kompaniyalar nomiga ochilgan bir nechta bank hisoblari orqali “yuvgan”. Korrupsion tranzaksiyalarning koʻpi davom etayotgan pora berish sxemasini qoʻllab-quvvatlash va uning daromadlarini yashirish maqsadida Nyu-York shahridagi moliya muassasalaridagi korrespondent bank hisoblariga yuborilgan va ulardan oʻtkazilgan.
2004 yilda Karimova 74% ulushni Rossiyaning "Mobilnыe TeleSistemы" (MTS) kompaniyasiga taxminan 121–126 mln dollarga sotdi. MTS bu narx poralarni oʻz ichiga olgani uchun ataylab oshirilganini bilar edi. Karimova qolgan 26% ulushni oʻsha paytdagi tanishiga tegishli boʻlgan Swisdorn Ltd (Gibraltar) orqali oʻzida saqlab qoladi.
2007 yilda MTS oʻzining sotib olish huquqidan foydalandi va qolgan ulush uchun Karimovaga 250 mln dollar toʻladi. Bu har bir aksiya uchun dastlabki bahodan olti baravar koʻp edi.
Bundan tashqari boshqa mablagʻlar ham talab qilingan boʻlib, qoʻshimcha toʻlovlar quyidagilarni oʻz ichiga olgan:
- Mavjud boʻlmagan 4G litsenziyasi uchun uning “Tammaron” kompaniyasiga 21,2 mln dollar “depozit”;
- Karimova nazorat qilgan kichik tashqi reklama firmasi “Kolorit Dizayn” uchun 40 mln dollar (asl qiymati taxminan 13 mln dollar boʻlgan);
- 3G/LTE chastotalari, raqamlar bloklari va “hayriya” homiyligi uchun yana yuzlab millionlar.
Keyinchalik AQSh Adliya vazirligi xulosalari MTS va uning shoʻʼba korxonalari 2004 yildan 2012 yilgacha Oʻzbekiston bozoriga kirish, faoliyat yuritish va kengayish uchun Karimovaga taxminan 420 mln dollar pora toʻlaganini tasdiqladi (hujjat matni Pinkod ixtiyorida mavjud).
MTS davri: Oʻzbekiston aloqa bozoridagi gegemoniya (2004–2012)
2004 yilda Rossiyaning telekommunikatsiya giganti MTS’ning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi sohada haqiqiy inqilob yaratdi. 2006 yilda amalga oshirilgan toʻliq rebrendingdan soʻng, kompaniya shunchaki nomini oʻzgartirmadi, balki oʻz ish uslubini tubdan yangiladi. Agar avvallari uyali aloqa faqat boylar va tadbirkorlar uchun “elita” xizmati hisoblangan boʻlsa, MTS agressiv marketing va arzonlashtirilgan tariflar orqali uni oddiy xalq uchun kundalik ehtiyojga aylantirdi.
Natijalar oʻzini uzoq kuttirmadi. 2006 yilda atigi 250 ming atrofida boʻlgan abonentlar bazasi 2007 yilga kelib keskin sakrash qildi va 1,85 mlnga yetdi. Bu davrda kompaniya raqobatchilari (asosan Beeline va Ucell’ni) texnologik jihatdan ham “changida qoldirib ketdi”. MTS 2007 yilda barcha aksiyalarni toʻliq sotib olib, kompaniyaning yagona egasiga aylangach, investitsiya kiritishni yanada kuchaytirdi.
Texnologik yetakchilik kompaniyaning asosiy quroli edi. Ular nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham eng keng qamrovga ega edi. 2010 yilga kelib, MTS MDH davlatlari orasida birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda 4G (LTE) tarmogʻini (2.6 GGs va 700 MGs chastotalarida) ishga tushirdi. Bu oʻsha davr uchun juda katta yangilik edi.
2012 yilga kelib, “MTS-Oʻzbekiston” oʻz qudratining choʻqqisiga chiqdi. 9,5 mlndan ortiq abonentga ega boʻlgan kompaniya mamlakat mobil aloqa bozorining qariyb yarmini (40–50 foizini) nazorat qilar edi. Uning daromadliligi shu darajada yuqori ediki, butun MTS Guruhining global miqyosdagi daromadining 3,5 foizi aynan Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelardi. Bu paytda kompaniya Oʻzbekistondagi eng yirik va qudratli biznes tuzilmasiga aylanib ulgurgandi.
“Bir urishda beligacha”: toʻsatdan va shafqatsiz qulash (2012 yil yozi)
2012 yilning boshlariga kelib Oʻzbekiston telekommunikatsiya bozorida misli koʻrilmagan taranglik yuzaga keldi. Gulnora Karimovaning oʻzining daxlsizligini yoʻqota boshlagan edi. Shu vaqtda MTS rahbariyati Karimovaga tegishli tuzilmalarning navbatdagi, yanada kattaroq miqdordagi noqonuniy toʻlov (“oʻlpon”) talablarini rad etishga jurʼat qildi. Javob zarbasi esa kutilganidan ham shiddatli va shafqatsiz boʻldi.
Hammasi 2012 yil iyun oyida soliq reydlari, rahbarlarning soʻroq qilinishi va hujjatlarning musodara qilinishi bilan boshlandi. Rasmiy ayblov juda jiddiy edi: kompaniya goʻyoki noqonuniy stansiyalar oʻrnatgan va katta miqdordagi soliq toʻlovlaridan qochib kelgan.
Eng asosiy voqea 2012 yil 17 iyul oqshomida sodir boʻldi. Kompaniya aloqa litsenziyasi avvaliga 10 kunga toʻxtatildi. Soat 18:00 atrofida butun mamlakat boʻylab 9,5 million abonentning telefonlarida tarmoq signali yoʻqoldi.
Bu nafaqat oddiy aholi, balki biznes, bank tizimi va transport logistikasi uchun ham haqiqiy falokat edi. Odamlar ommaviy ravishda Ucell va Beeline ofislariga yopirilib, sim-karta olish uchun soatlab, baʼzan kunlab navbatda turishdi. Raqobatchi tarmoqlar bunday yuklamani koʻtara olmay, aloqa sifati keskin tushib ketdi.
Avgust oyiga kelib, sud “qoidabuzarliklar bartaraf etilmagani”ni vaj qilib, barcha litsenziyalarni butunlay bekor qildi. Sentabrda Uzdunrobita bankrot deb eʼlon qilinib, uning mlrd dollarlik infratuzilmasi, binolari va uskunalari davlat foydasiga musodara qilindi. Bosh direktor va Gulnora Karimovaning “oʻng qoʻli” hisoblangan Behzod Ahmedov Interpol qidiruviga berilishidan oldinroq Rossiyaga qochib ketishga ulgurdi, biroq kompaniyaning oʻrta boʻgʻin rahbarlaridan bir qanchasi hibsga olindi va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
Xalqaro mojaro va rekord darajadagi $850 mlnlik jarima (2012–2019)
Bu voqea Oʻzbekiston chegarasidan chiqib, global korrupsiya mojarosiga aylandi. AQSh Adliya vazirligi va Qimmatli qogʻozlar komissiyasi (SEC) ishga aralashdi. Negaki MTS aksiyalari Nyu-York fond birjasida savdo qilinar va ular AQShning “Xorijda korrupsiya amaliyotlari toʻgʻrisida”gi qonunini (FSPA) buzganlikda gumonlanayotgan edi.
Tergov davomida maʼlum boʻldiki, MTS, TeliaSonera (Ucell) va VimpelCom (Beeline) Oʻzbekiston bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga aloqador boʻlgan Gibraltardagi “Takilant” kabi offshor firmalariga yuzlab million dollar pora oʻtkazgan.
2019 yil mart oyida MTS bu ishni yopish uchun AQSh hukumatiga 850 million dollar toʻlashga rozi boʻldi. Bu oʻsha vaqtda bir davlatdagi poraxoʻrlik ishi boʻyicha tarixdagi eng yirik jarima edi.
MTS’ning qisqa qaytishi va yakuniy vidolashuv (2014–2016)
2014 yilda kutilmagan siyosiy kelishuv yuz berdi. Xalqaro arbitraj sudlaridagi daʼvolarini toʻxtatish evaziga MTSga bozorga qaytishga ruxsat berildi. Eski infratuzilma bazasida “Universal Mobile Systems” (UMS) qoʻshma korxonasi tuzildi (50,01% — MTS, 49,99% — Davlat).

Lekin bu “ikkinchi nafas” uzoqqa choʻzilmadi. AQShdagi tergovlarning bosimi va Oʻzbekiston bozoridagi oʻzgargan vaziyat tufayli, MTS bu aktivdan qutulishni maʼqul koʻrdi. 2016 yil avgustida ruslar oʻz ulushini Oʻzbekiston hukumatiga ramziy summaga (baʼzi manbalarga koʻra 1 dollar evaziga, lekin katta qarz majburiyatlaridan qutulish sharti bilan) sotib, mamlakatni butunlay tark etishdi. UMS toʼliq davlat tasarrufiga oʻtdi va 2018 yilda “MobiUz” brendi ostida qayta ish boshladi.
Kutilayotgan xususiylashtirish
2025 yil 9 iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasi ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshlaganini maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Mobiuz mobil aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bloomberg manbalarining maʼlum qilishicha, jarayonga Yaqin Sharq va Yevropadan investorlar jalb qilinishi mumkin.
Joriy yil iyun oyida boshlangan ochiq savdo jarayonida strategik va moliyaviy konsultantlar — Rothschild & Co. va KPMG ikki oy ichida 100 dan ortiq potensial investorlar bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Belgilangan muddatga qadar AQSh, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo hududlaridan hamda mahalliy kompaniyalardan jami 15 ta ariza kelib tushdi
Bonus: Oʻzbekistondagi aloqa kompaniyalari kimlarga tegishli?
Beeline

Ochiq manbalarga koʻra, kompaniya taʼsischisi — Unitell MChJ. Ulushlar quyidagicha taqsimlangan:
- 70% — VEON Uzbekistan Holding B.V.,
- 30% — VEON Central Asia B.V.
Uztelecom

1992 yilda tashkil etilgan kompaniyaning 94,55% ulushi davlatga tegishli. Aksiyalarning:
- 67,17% — Iqtisodiyot va moliya vazirligiga,
- 25% — Milliy investitsiya jamgʻarmasiga,
- qolgan qismi esa boshqa subʼektlarga tegishli.
Ucell

Operatorning 100% ulushi Digital Holding MChJga qarashli. Ulushlar tarkibi:
- 49% — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi,
- 46,1% — Digital Invest MChJ,
- 4,9% — Kim Vadim Anatolevich.
Perfectum

Operatorning taʼsischisi — Rubicon Wireless Communication MChJ. Ulushlar quyidagicha:
- 50% — Abdumalik Iminov,
- 37,5% — IMC-Capital MChJ,
- 12,5% — Kamron Akbarov.
Maʼlumot uchun, 2024 yil 31 dekabr holatida UZCARD aksiyadorlarining ulushi quyidagicha boʻlgan:
“IMC-Capital” MChJ — 75%
Kamron Anvarovich Akbarov — 25%
Ammo hozirda davlat reyestrida kompaniya aksiyadorlari roʻyxati yopib qoʻyilgan.
Humans MChJ

Kompaniyaning 100% ulushi Humans Companies AJga tegishli. Uning ildizlari Singapurda roʻyxatdan oʻtgan Humans Mobile Ltd.ga borib taqaladi. Qizigʻi, kompaniya bir qator davlat organlari va tashkilotlari bilan turli muammolarga duch kelyapti. Batafsil quyida:









