11 891.180 so‘m

decrease

-46.710

13 753.340 so‘m

decrease

-15.820

141.830 so‘m

increase

0.070

11 891.180 so‘m

decrease

-46.710

1 soat avval
Bozor
71

Paynet’ga tegishli kompaniya GoInvest’ni sotib olmoqda

Paynet’ning shoʻba korxonasi Furtherit MChJ GoInvest’ning nazorat paketini sotib olmoqda. 

Ochiq reyestrda Furtherit hozircha 33,14 foiz ulush bilan kompaniyaning eng yirik taʼsischisi sifatida koʻrsatilgan.

Biroq GoInvest’ga aloqador shaxslarga koʻra, ulushlar taqsimoti yana oʻzgargan va bitim tafsilotlari tez orada rasmiy relizda ochiqlanadi.

Paynet’ga tegishli kompaniya GoInvest’ni sotib olmoqda
Illyustratsiya: Pinkod.uz

Bu haqda birinchi boʻlib iqtisodchi Timurmalik Elmuradov oʻzining Telegram kanalida xabar berdi.

GoInvest’ga aloqador shaxslar Pinkod.uz bilan suhbatda bitim yuzasidan tez orada rasmiy reliz eʼlon qilinishini maʼlum qildi. KAP DEPO’ning Telegram guruhida foydalanuvchilarga berilgan izohda ham ochiq maʼlumotlar bazasida koʻrsatilgan ulushlar yakuniy holatni aks ettirmasligi, taʼsischilar tarkibida keyingi oʻzgarishlar boʻlgani aytilgan.

2026 yil 17 avgust soat 12:20 holatiga GoInvest MChJ ustav kapitalidagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan:

  • Furtherit MChJ — 33,14 foiz;
  • Kapital-Depozit MChJ — 29 foiz;
  • Farrux Xodjayev — 21,14 foiz;
  • Baxrom Abdukadirov — 10,03 foiz;
  • Jasurbek Oʻrolboyev — 6,69 foiz.

Ushbu tarkib boʻyicha Furtherit GoInvest’ning eng yirik alohida ulushdoriga aylangan. Biroq 33,14 foizning oʻzi 50 foizdan ortiq nazorat paketi hisoblanmaydi. Kompaniya vakillarining bildirishicha, reyestrdagi bu holatdan keyin ulushlar tarkibida yana oʻzgarish boʻlgan. Bitim yakunlangach, Furtherit’ning ulushi nazoratni taʼminlaydigan darajaga yetishi kutilmoqda.

Taqqoslash uchun, 2026 yil boshidagi maʼlumotlarda GoInvest’ning 70 foizi Kapital-Depozit’ga, 20 foizi Baxrom Abdukadirovga va 10 foizi Jasurbek Oʻrolboyevga tegishli edi. Hozirgi ochiq maʼlumotlarda Kapital-Depozit ulushi 41 foiz punktga kamaygan, taʼsischilar tarkibiga esa Furtherit va Farrux Xodjayev kirgan.

Korporativ oʻzgarishlar GoInvest kapitalining keskin oshirilishi bilan bir vaqtda yuz bergan. Kompaniyalar haqidagi maʼlumotlar bazasiga koʻra, uning ustav kapitali avvalgi 1 mlrd soʻmdan 14,23 mlrd soʻmgacha, yaʼni 14 barobardan koʻproqqa oshgan. GoInvest 2026 yil 22 iyulda qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Hozircha Paynet tomoni GoInvest uchun qancha toʻlayotgani, bitim aynan qaysi taʼsischilarning ulushlarini qamrab olishi va Furtherit yakunda kompaniyaning necha foiziga egalik qilishi ochiqlanmagan.

Bitim taraflari haqida

Furtherit 2023 yil oktabrda roʻyxatdan oʻtgan dasturiy taʼminot kompaniyasi boʻlib, uning 100 foiz ulushi Paynet’ga tegishli. Korxona IT Park rezidenti hisoblanadi.

GoInvest esa Oʻzbekiston fond bozoridagi aksiyalar va obligatsiyalar bilan savdo qilish uchun moʻljallangan investitsiya ilovasi. Unda brokerlik hisobvaragʻini masofadan ochish, hisobni toʻldirish, investitsiya portfelini kuzatish hamda qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotish mumkin.

Ilovaning oʻzi broker vazifasini bajarmaydi. Undagi investitsiya vositachiligi xizmatlari tegishli litsenziyalarga ega Kapital-Depozit — KAP DEPO orqali koʻrsatiladi. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, GoInvest 2024 yilda chakana investorlarning fond bozoriga kirishini soddalashtirish maqsadida ishga tushirilgan.

GoInvest’ning Paynet ekotizimiga qoʻshilishi toʻlov servisining investitsiya xizmatlari bozoriga kirishini anglatishi mumkin. Biroq platformaning Paynet ilovasi bilan integratsiyasi, KAP DEPO bilan brokerlik hamkorligi va yangi taʼsischilar tarkibi rasmiy relizdan keyin aniq boʻladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+