Paynet, Payme va Click: yirik toʻlov kompaniyalari 9 oyda qancha sof foyda oldi?
Paynet, Payme va Click toʻqqiz oyda jami 1,37 trln soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 52,3 foizga koʻp boʻlib, jami foydaning yarmidan ortigʻi Paynet hissasiga toʻgʻri kelgan. Ayni paytda, Payme’ning sof foydasi 9,7 foizga oshgan boʻlsa, Click’niki 2,4 foizga kamaygan.

Yanvar–sentabr yakunlariga koʻra, eng koʻp sof foydani Paynet oldi — 780,2 mlrd soʻm. Kompaniya foydasi oʻtgan yilning mos davridagi 330,5 mlrd soʻmga nisbatan 136,1 foizga yoki 449,8 mlrd soʻmga koʻpaygan.
Ikkinchi oʻrinni Payme egalladi. Kompaniyaning sof foydasi 315,5 mlrd soʻmni tashkil etib, bir yil ichida 9,7 foizga yoki 27,9 mlrd soʻmga oshgan. Payme foyda hajmi boʻyicha Paynet’dan 464,7 mlrd soʻm ortda qolgan.
Click esa 275,7 mlrd soʻm sof foyda bilan uchinchi oʻrinda boʻlgan. Kompaniya foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 foizga yoki 6,9 mlrd soʻmga kamaygan. Click Payme’dan 39,8 mlrd soʻmga, Paynet’dan esa 504,5 mlrd soʻmga ortda qolgan.
| Kompaniya | 2025 yil yanvar–sentabr | 2026 yil yanvar–sentabr | Oʻzgarish |
|---|---|---|---|
| Paynet | 330,5 mlrd soʻm | 780,2 mlrd soʻm | +136,1% |
| Payme | 287,6 mlrd soʻm | 315,5 mlrd soʻm | +9,7% |
| Click | 282,6 mlrd soʻm | 275,7 mlrd soʻm | −2,4% |
Uch kompaniyaning foyda boʻyicha tartibi oʻzgarmagan, ammo ular oʻrtasidagi farq sezilarli kengaygan. Oʻtgan yilning toʻqqiz oyida Paynet Payme’dan 42,9 mlrd soʻm koʻproq foyda olgan boʻlsa, joriy yilda uning natijasi Payme va Click’ning birgalikdagi foydasidan ham 189 mlrd soʻm yuqori boʻlgan.
Tushum boʻyicha ham Paynet katta farq bilan yetakchi. Kompaniyaning sof tushumi 44,8 foizga oshib, 1,21 trln soʻmdan 1,75 trln soʻmga yetgan.
Payme’ning sof tushumi 534,2 mlrd soʻmdan 791,6 mlrd soʻmga koʻpaygan. Bu 48,2 foizlik oʻsish boʻlib, uch kompaniya orasidagi eng yuqori surʼat hisoblanadi. Click’ning tushumi esa 30,8 foizga oshib, 657,5 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Paynet foydasining tushumdan tezroq oʻsishida 321,1 mlrd soʻmlik dividend daromadi katta oʻrin tutgan. Oʻtgan yilning mos davrida bunday daromad boʻlmagan. Asosiy faoliyatdan olingan foyda esa 47,4 foizga oshib, 560,3 mlrd soʻmga yetgan.
Payme’da tannarx va xarajatlarning oshishi sof foyda oʻsishini cheklagan. Kompaniyaning foyda soligʻi xarajati ham 4,8 mlrd soʻmdan 40,5 mlrd soʻmga koʻpaygan. Click’da esa davr xarajatlari 50 foizga oshgan, foyda soligʻi xarajati 0,9 mlrd soʻmdan 49,2 mlrd soʻmga yetgan. Natijada tushum va soliqqa qadar foyda oʻsganiga qaramay, Click’ning sof foydasi kamaygan.
Sof foydaning tushumga nisbati boʻyicha Paynet yuqoriroq natija koʻrsatgan. Kompaniyaning sof foyda marjasi dividend daromadi taʼsirida 27,3 foizdan 44,5 foizga koʻtarilgan.
Click’ning sof foyda marjasi 56,2 foizdan 41,9 foizga, Payme’niki esa 53,8 foizdan 39,9 foizga tushgan. Yaʼni har 100 soʻmlik tushumdan Paynet’da oʻrtacha 44,5 soʻm, Click’da 41,9 soʻm, Payme’da esa 39,9 soʻm sof foyda qolgan.









