Oʻzbekistondagi toʻlov tashkilotlari yarim yilda qancha sof foyda oldi?
2026 yilning birinchi yarmida toʻlov tashkilotlarining jami sof foydasi 735,2 mlrd soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan 26 foizga kamaydi.
Hisobot bergan 32 ta kompaniyaning yarmi foyda, yarmi zarar qayd etgan. Biroq foydaning 93,9 foizi Paynet, Payme va Click hissasiga toʻgʻri kelgan.
Umumiy natijaning pasayishida Uzum Nasiya zarari, Paynet koʻrsatkichining oʻsishida esa HUMO’dan olingan dividend asosiy rol oʻynagan.

Oʻzbekistondagi 32 ta litsenziyalangan toʻlov tashkiloti 2026 yilning birinchi yarmini jami 735,2 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu 2025 yilning mos davridagi 993,6 mlrd soʻmga nisbatan 258,3 mlrd soʻm yoki 26 foizga kam.
Pasayishning asosiy sababi Solutions Lab (Uzum Nasiya) natijasining 311,9 mlrd soʻmlik foydadan 267,6 mlrd soʻmlik zararga oʻtishi boʻldi. Paynet esa HUMO’dan olingan dividend hisobiga 615,5 mlrd soʻm bilan bozordagi eng yuqori natijani qayd etdi.
Foyda olayotganlar koʻpaydi, ammo zarar keskin oshdi
Hisobot taqdim etgan 32 ta tashkilotning 16 tasi foyda, 16 tasi zarar qayd etdi. Foyda olgan kompaniyalarning umumiy natijasi 4,7 foizga oshib, 1 trln 256,4 mlrd soʻmga yetgan.
Biroq zarar koʻrgan tashkilotlarning umumiy zarari 19,5 mlrd soʻmdan 299,6 mlrd soʻmga (15,4 baravarga) oshgan. Natijada bozorning yakuniy sof natijasi 223,6 mlrd soʻmga kamaydi.
Shu bilan birga, bozor yuqori darajada konsentratsiyalashgan. Paynet, Payme va Click foyda olgan toʻlov tashkilotlari umumiy natijasining 93,9 foizini taʼminlagan.
Paynet foydasining yarmidan koʻpi HUMO dividendiga toʻgʻri keldi
Paynet AJ 2026 yilning birinchi yarmini 615,5 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilning shu davridagi 201 mlrd soʻmga nisbatan 414,5 mlrd soʻm yoki 3,1 baravar koʻp.
Kompaniyaning sof tushumi 51 foizga oshib, 1 trln 142,2 mlrd soʻmga yetgan. Asosiy faoliyatdan olingan foyda esa 54,7 foizga koʻpayib, 366 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
Biroq yakuniy foydaning keskin oʻsishida Paynet’ning bevosita toʻlov xizmatlaridan tashqari daromadi ham muhim rol oʻynagan. Kompaniya oʻziga tegishli HUMO toʻlov tizimidan 321,1 mlrd soʻm dividend olgan. Bu yarim yillik sof foydaning 52,2 foiziga teng.
Ushbu dividendni sof foydadan shartli ravishda chiqarib tashlaganda, 294,4 mlrd soʻm qoladi. Bu rasmiy «tuzatilgan foyda» koʻrsatkichi emas, ammo Paynet natijasini boshqa toʻlov kompaniyalari bilan aniqroq taqqoslash imkonini beradi.
Dividend hisobga olinmagan taqdirda ham Paynet foydasi bir yil ichida 46,5 foizga oshgan hamda Payme natijasidan 43 foiz, Click’nikidan esa qariyb ikki baravar yuqori boʻlgan.

Payme Click bilan farqni kengaytirdi
Payme brendi ostida ishlaydigan PAYME AJ yarim yilda 205,9 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu 2025 yilning mos davridagi 166,6 mlrd soʻmga nisbatan 39,4 mlrd soʻm yoki 23,6 foizga koʻp.
Kompaniyaning sof tushumi 50,6 foizga oshib, 492,7 mlrd soʻmga yetgan, biroq xizmatlar tannarxi 84,2 foizga koʻpayib 159,4 mlrd soʻmni tashkil qilgan, shuningdek foyda soligʻi xarajatlari ham 2,7 mlrd soʻmdan 19,7 mlrd soʻmgacha oshgan.
Natijada Payme’ning sof foyda marjasi 50,9 foizdan 41,8 foizgacha pasaygan. Yaʼni kompaniya daromadini keskin oshirgan boʻlsa-da, har 100 soʻmlik tushumdan qolayotgan sof foyda kamaygan.
CLICK AJ esa birinchi yarim yillikni 150 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu oʻtgan yilgi 154,7 mlrd soʻmdan 4,7 mlrd soʻm yoki 3 foizga kam.
Click tushumi 23,8 foizga oshib, 437,6 mlrd soʻmga yetgan. Biroq xarajatlar daromaddan tezroq, yaʼni 40,9 foizga koʻpayib, 254,4 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
Natijada Click’ning sof foyda marjasi 43,8 foizdan 34,3 foizgacha tushgan. Payme va Click oʻrtasidagi foyda farqi esa bir yil ichida 11,9 mlrd soʻmdan 55,9 mlrd soʻmgacha kengaygan.
Uzum Nasiya foydadan katta zararga oʻtdi
Eng katta salbiy oʻzgarish Uzum Nasiya brendi ostida ishlaydigan Solutions Lab AJda kuzatildi. Kompaniya 2025 yilning birinchi yarmidagi 311,9 mlrd soʻmlik foyda oʻrniga 267,6 mlrd soʻm zarar qayd etdi.
Kompaniyaning sof tushumi 1 trln 948,1 mlrd soʻmdan 392,6 mlrd soʻmga, yaʼni qariyb 80 foizga kamaygan. Natijada asosiy faoliyat natijasi 287,8 mlrd soʻmlik foydadan 310 mlrd soʻmlik zararga oʻtgan.
Alif foydasini ikki baravardan koʻproqqa oshirdi
Alif.mobi brendi ostida faoliyat yuritadigan ALIF TECH AJ sof foydasini 9,3 mlrd soʻmdan 21,2 mlrd soʻmga yetkazgan. Bir yillik oʻsish 11,9 mlrd soʻm yoki 2,3 baravarni tashkil qilgan.
Zaytun Tech ham 25,3 mlrd soʻm bilan yirik kompaniyalardan keyingi eng yuqori natijalardan birini qayd etdi. Biroq uning foydasi oʻtgan yilgi 99,7 mlrd soʻmga nisbatan 74,6 foizga kamaygan.
Smart Marketplace foydasini 606,4 mln soʻmdan 2,2 mlrd soʻmga yetkazgan.
Ayni paytda Rahmat brendi asosida ishlovchi Multicard Payment AJ foydasi 5,4 mlrd soʻmdan 1,4 mlrd soʻmgacha qisqargan. Tezpay’da pasayish yanada keskin boʻlib, foyda 27,3 mlrd soʻmdan 786,3 mln soʻmgacha tushgan.
Bir nechta kompaniya zarardan foydaga chiqqan. IWON brendi ostida ishlaydigan Choyxona AJ 3,5 mlrd soʻmlik zarardan 2,2 mlrd soʻmlik foydaga oʻtgan.
Shuningdek, EMIT-Solution 551,8 mln soʻmlik zarardan 2,2 mlrd soʻmlik foydaga, MARTA brendini boshqaruvchi Mayasoft esa 362,8 mln soʻmlik zarardan 1,1 mlrd soʻmlik foydaga chiqqan.
OSON va ATMOS zarar bilan ishladi
OSON brendi ortidagi BRIO GROUP AJ yarim yillikda 2,4 mlrd soʻm zarar qayd etdi.
ATMOS’ni boshqaruvchi National Innovative Payment Technologies AJning zarari 1,9 mlrd soʻmdan 5,4 mlrd soʻmgacha oshgan.
Infinity Pay brendi ostida ishlaydigan Quick Payments Solution bir yil avvalgi 4,3 mlrd soʻmlik foyda oʻrniga 4,8 mlrd soʻm zarar koʻrgan. A-pay 688,6 mln soʻmlik foydadan 5,1 mlrd soʻmlik zararga, Milliy Pay esa 10,2 mlrd soʻmlik foydadan 1,2 mlrd soʻmlik zararga oʻtgan.
GlobalPay ham 7,7 mlrd soʻmlik foyda oʻrniga 890,6 mln soʻm zarar qayd etgan. Paylov 1,1 mlrd soʻm, Open 1,4 mlrd soʻm, Oxus Pay 1,5 mlrd soʻm va Freedom Pay 4,5 mlrd soʻm zarar bilan ishlagan.
Shuni hisobga olish kerakki, raqamlar litsenziyaga ega yuridik shaxslarning umumiy moliyaviy natijasini koʻrsatadi. Ular faqat mobil ilova yoki toʻlov xizmatlaridan olingan foydani anglatmaydi.
Masalan, Paynet natijasiga HUMO’dan olingan dividend, Solutions Lab koʻrsatkichlariga Uzum Nasiya ekotizimi xizmatlari ham kiradi. Shu sababli ushbu maʼlumotlar kompaniyalarning umumiy moliyaviy holatini taqqoslash imkonini bersa-da, toʻlov xizmatlarining oʻz rentabelligini toʻliq ochib bermaydi.









