Paynet 2025 yilda 395 mlrd soʻm sof foyda oldi
Paynet AJ 2025 yil yakunlari boʻyicha 395,1 mlrd soʻm sof foyda qayd etdi. Bu 2024 yilga nisbatan 40,3 foizga koʻproq.

Paynet AJ 2025 yil yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Unga koʻra, kompaniya oʻtgan yilda 395,1 mlrd soʻm sof foyda olgan. Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 40,3 foizga yuqori. Taqqoslash uchun, 2024 yilda kompaniyaning sof foydasi 281,5 mlrd soʻmni tashkil etgan edi.
Asosiy faoliyatdan — xizmatlar va toʻlovlar realizatsiyasidan olingan sof tushum oʻtgan yilgi 1,13 trln soʻmdan 1,74 trln soʻmga koʻtarildi. Natijada tushum qariyb 54 foizga oshgan.
Yil boshida jamiyatning umumiy aktivlari 842,3 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, hisobot davri oxiriga kelib bu koʻrsatkich 1,74 trln soʻmga yetgan. Bu esa aktivlar hajmi bir yil ichida deyarli ikki barobarga (107%) oshganini anglatadi.
Jamiyatning ustav kapitali qoʻshimcha emissiyalar hisobiga 815,2 mlrd soʻmga yetgan. Bu avvalgi yilga nisbatan qariyb 77 barobarga koʻproq. Bir yil avval kompaniya ustav kapitali 10,5 mlrd soʻmni tashkil etgan edi.
Hisobot davrida Paynet AJning jami davr xarajatlari 1,29 trln soʻmga yetgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 59,3 foizga koʻproq.
Kompaniya shuningdek davlat byudjetiga 70,4 mlrd soʻmlik daromad soligʻi toʻlagan.
Avvalroq Pinkod Uzcard 2025 yilda 1,3 trln soʻm sof foyda olgani haqida yozgan edi.









