Oʻzbekistonda jismoniy shaxslar kreditlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavka ketma-ket uchinchi oy oshmoqda
Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, aprel oyida 22,6 foiz boʻlgan stavka iyul oyiga kelib 23,8 foizga yetgan.

Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi ketma-ket uchinchi oy davomida oʻsishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank eʼlon qilgan infografikada keltirilgan.
MBga koʻra, kredit stavkalari aprel oyida yillik diapazondagi eng past — 22,6 foiz darajasida qayd etilgan. Shundan soʻng oʻrtacha foiz may oyida 23,1 foizga, iyun oyida 23,7 foizga, iyul oyiga kelib esa 23,8 foizga yetdi.
Mazkur jarayon banklardagi omonatlar boʻyicha foiz stavkani 23 foizdan oshmaydigan qilib tushirish orqali kredit foizlarini pasaytirish kutilgan natijani bermaganini koʻrsatadi.

Hozirda Oʻzbekistonda faqat Anorbank 23 foizlik omonat taklif qilmoqda. Qolgan banklarda esa maksimal stavka 22 foiz darajasida saqlanib qolmoqda.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil aprel oyida mamlakat banklari omonatlar boʻyicha foiz stavkalarini sinxron tarzda pasaytirgan edi. Oʻshanda bu qaror bozor tamoyillaridan koʻra maʼmuriy aralashuv sifatida talqin qilingan.
Shunga qaramay, yillik solishtirma hisobda jismoniy shaxslar kreditlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 0,4 foiz pastroq.
Ayni paytda tadbirkorlik subʼektlariga ajratilayotgan milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha stavka esa biroz pasayib, 22,7 foizni tashkil etgan.