Kredit undirishda banklar mijoz kartasida kamida 680 ming soʻm qoldirishi taklif etilmoqda
Markaziy bank kredit yoki kafillik boʻyicha qarzdorlikni mijozning bank kartalaridan uning alohida topshirigʻisiz undirishga yangi cheklov joriy etishni taklif qilmoqda.
Loyiha qabul qilinsa, bunday operatsiyadan keyin mijozning karta hisobvaraqlarida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining kamida yarmi — hozirgi hisobda 680 ming soʻm saqlanib qolishi kerak boʻladi.
Ayrim maxsus biriktirilgan kartalar bundan mustasno qilinishi rejalashtirilgan.

Markaziy bank “Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida”gi nizomga tegishli oʻzgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasida.
Taklifga koʻra, kredit yoki kafillik shartnomasi boʻyicha toʻlovlar mijozning alohida topshirigʻisiz uning bank karta hisobvaraqlaridan yechib olinayotgan boʻlsa, bank kartalardagi mablagʻlarning barchasini qarzdorlikka yoʻnaltira olmaydi.
Undirishdan keyin mijozning karta hisobvaraqlarida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 foiziga teng mablagʻ saqlanib qolishi kerak boʻladi.
2026 yil 1-sentabrdan Oʻzbekistonda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1,36 mln soʻmni tashkil etmoqda. Shundan kelib chiqib, hozirgi hisobda himoyalanadigan minimal summa 680 ming soʻm boʻladi. MHTEKM kelgusida oshirilsa, ushbu chegara ham unga mos ravishda oʻzgaradi.
Masalan, mijozning karta hisobvaraqlarida jami 1,5 mln soʻm mavjud boʻlsa va bank kredit boʻyicha qarzdorlikni mijoz topshirigʻisiz avtomatik undirmoqchi boʻlsa, taklif qilinayotgan qoida doirasida mablagʻni toʻliq yechib olish mumkin boʻlmaydi. Hisobvaraqlarda kamida 680 ming soʻm saqlanib qolishi kerak boʻladi.
Biroq loyiha ayrim kartalar uchun istisno ham nazarda tutmoqda. Xususan, kredit yoki kafillik shartnomasida majburiy rekvizitlari koʻrsatilgan, shuningdek, qarzdorlik boʻyicha toʻlovlarni undirish uchun bankning mobil ilovasiga biriktirilgan kartalarga minimal qoldiq talabi tatbiq etilmasligi taklif qilinyapti.
Yaʼni mijoz kreditni qaytarish uchun muayyan kartani oldindan shartnomada belgilagan yoki bank ilovasida toʻlov kartasi sifatida biriktirgan boʻlsa, bank oʻsha kartadagi mablagʻlardan qarzdorlikni undirishda 680 ming soʻmlik chegaraga rioya qilishi shart boʻlmasligi mumkin.
Ayni paytda kartadagi mablagʻni qarzdorlik uchun avtomatik yechishga oʻxshash cheklov UZCARD tizimida allaqachon mavjud. 2026 yil 15 apreldan UZCARD kartalaridan avtomatik akseptsiz yechib olishda kamida 3 BHM miqdoridagi kamaytirilmaydigan qoldiq saqlanishi belgilangan.
2026 yil 1-sentabrdan BHM 440 ming soʻm boʻlgani hisobga olinsa, UZCARD tizimidagi bu chegara hozir 1,32 mln soʻmga teng. Biroq mazkur talab aynan UZCARD toʻlov tizimi doirasidagi avtomatik akseptsiz yechib olish operatsiyalariga tegishli va mijoz bankka oʻzi taqdim etib, OTP orqali tasdiqlagan karta rekvizitlariga tatbiq etilmaydi.
Markaziy bankning yangi loyihasi esa minimal qoldiq talabini tijorat banklarining mijozlar bilan ishlashiga qoʻyiladigan umumiy normativ talablar tarkibiga kiritishni nazarda tutmoqda.
Loyiha boʻyicha jamoatchilik muhokamasi 14-sentabrgacha davom etadi.









