Oʻzbekiston banklari omonat foiz stavkalarini pasaytirmoqda
Oʻzbekistonning qator banklarida omonat boʻyicha foiz stavkalari 23% dan oshmaydigan qilib pasaytirilmoqda. Jumladan, yuqori foiz stavkasida omonat shartlarini taklif qiluvchi TBC Bank va Anorbankda eng yuqori foiz stavkalari 26% dan 23% gacha pasaytirilmoqda.

Oʻzbekistonning qator banklarida omonat boʻyicha foiz stavkalari 23% dan oshmaydigan qilib pasaytirilmoqda. Bu jarayon Markaziy bank asosiy stavkani 14% ga oshirganidan keyin yuz bermoqda.
Hozircha faqat 6 ta bank foizlarning tushirilishi haqida rasmiy maʼlumot bergan:
Oʻzmilliybank
Mazkur bankda quyidagi oʻzgarishlar boʻladi:
- “Mustaqillik 27”, “Foydali” va “Sarmoya” omonatlari boʻyicha yangi omonat ochish toʻxtatildi.
- “Jozibali” omonati bank ofisida ochilsa – 20%, Milliy ilovasi orqali ochilsa – 21%.
Agrobank
Agrobankning xabar berishicha, 1 apreldan boshlab quyidagi omonatlar boʻyicha foiz stavkalari 21% etib belgilanadi:
- “Sandiq”(amalda 23%)
- “Komfort”(amalda 22%)
- “Progress”(amalda 23%)
TBC Bank
TBC Bank avval 27% boʻlgan maksimal omonat foiz stavkasini 26% ga tushirgan edi. 20 mart kuni esa bank 1 apreldan boshlab foizlar yana pasayishini eʼlon qildi. Yangilangan stavkalarga koʻra:
- Toʻldiriladigan muddatli omonatlar – 18,5% dan 21% gacha (hozirda 23-24%)
- Muddatli omonatlar – 20,5% dan 23% gacha (hozirda 25-26%)
Anorbank
Anorbank ham 1 apreldan boshlab omonat foizlari tushishini tasdiqladi. Yangi tariflarga koʻra:
- “Yuqori Daromad” – 26% → 23%
- “Koʻrpacha” – 25% → 22%
- “Tez” (yangi omonat) – 22%
- “Baraka” (yangi omonat) – 21%
Ipotekabank
- “Konstruktor” omonati boʻyicha foiz stavkasi 23,5% dan 22% ga tushiriladi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga koʻra, barcha banklarning bir vaqtning oʻzida foiz stavkalarini pasaytirishi Markaziy bankning topshirigʻi natijasi boʻlishi mumkin:
"Oʻzbekistonda banklar bir vaqtda va sinxron ravishda stavkalarni pasaytirishi odatda faqat maʼmuriy topshiriq yoki bosim natijasida sodir boʻladi. Qizigʻi, Markaziy bank bunday holatga qanday izoh beradi?" – deya taʼkidlagan iqtisodchi.
Markaziy bank hozircha banklardagi bunday sinxron oʻzgarishga rasmiy munosabat bildirgani yoʻq.
Banklardagi yangi shartlar 1 apreldan boshlab amalga kiradi. Ushbu sanadan oldin ochilgan omonatlarga esa yangi shartlar tatbiq etilmaydi.