12 021.320 so‘m

decrease

-20.730

13 734.360 so‘m

decrease

-10.440

157.640 so‘m

increase

2.610

12 021.320 so‘m

decrease

-20.730

Yaqin 1 soat ichida
Soliq
26

Oʻzbekistonda 1 foizlik soliq keshbegi bekor qilinib, lotereya tizimiga oʻtilishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti shunday taklif bilan chiqdi. 

Institutga koʻra, amaldagi tizim byudjet uchun yildan-yilga qimmatlashib bormoqda va 2026 yilda keshbek xarajatlari 1,8 trln soʻmgacha yetishi mumkin. 

Tushumni yashirish xavfi yuqori boʻlgan sohalardagi cheklar uchun lotereya tashkil qilish esa davlat byudjetiga qariyb 20 barobar arzonga tushadi, deyiladi institut taklifida.

Oʻzbekistonda 1 foizlik soliq keshbegi bekor qilinib, lotereya tizimiga oʻtilishi mumkin
Foto: AI/Pinkod.uz

O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbegini bekor qilish taklif qilindi. Bunday tashabbus bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti chiqqan. 

Taklifga ko‘ra, amaldagi “har bir chek uchun 1 foiz keshbek” tizimidan bosqichma-bosqich voz kechilib, uning o‘rniga soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda chek talab qilishni rag‘batlantiruvchi davlat lotereyalari joriy etilishi mumkin.

Institut soliq keshbegi dastlab xaridorlarda fiskal chek olish odatini shakllantirish va chakana savdoni shaffoflashtirish uchun vaqtinchalik instrument sifatida joriy etilganini qayd etgan. Biroq onlayn-NKM, elektron hisobvaraq-fakturalar, raqamli markirovka, marketplace’lar va boshqa avtomatlashtirilgan tizimlar rivojlangani sari ushbu mexanizmning dastlabki vazifasi ahamiyatini yo‘qotmoqda.

Hujjatda “har bir chek rag‘batlantiriladi” tamoyilidan “iqtisodiyotning eng yuqori xavfga ega segmentlaridagi nazorat rag‘batlantiriladi” tamoyiliga o‘tish taklif etilmoqda. Bunday segmentlar sifatida umumiy ovqatlanish korxonalari, kichik chakana savdo obyektlari va tushumni yashirish ehtimoli yuqori bo‘lgan boshqa sohalar keltirilgan.

Yangi modelda xaridorlar aynan shunday sohalarda olingan fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazishi va davlat lotereyalarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Lotereyalarda yirik pul mukofotlari, avtomobillar, turistik yo‘llanmalar hamda qiymati 5 mln so‘mdan yuqori boshqa sovrinlar o‘ynalishi taklif qilinmoqda.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday lotereyalarni moliyalashtirish uchun 100 mlrd so‘mgacha mablag‘ yetarli bo‘ladi. Bu amaldagi keshbek tizimiga nisbatan byudjet xarajatlarini qariyb 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi.

Amaldagi mexanizm esa davlat byudjeti uchun yildan yilga qimmatlashmoqda. 2022-yilda soliq keshbegi uchun 820 mlrd so‘m sarflangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 1,5 trln so‘mga yetgan. 2026-yil prognoziga ko‘ra, xarajatlar 1,8 trln so‘mgacha chiqishi mumkin.

Taqqoslash uchun, 2026-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi uchun davlat byudjetidan 900 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan. Ya’ni soliq keshbegiga ketishi mumkin bo‘lgan mablag‘ bog‘chalar qurilishi uchun ajratilgan summadan ikki baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, keshbek xarajatlarining sezilarli qismi allaqachon rasmiy sektorda faoliyat yuritayotgan yirik savdo tarmoqlaridagi xaridlarga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlangan. 2026-yil may oyida xaridorlarga jami 146,6 mlrd so‘m keshbek to‘langan. Shundan 15,7 mlrd so‘mi yoki 10,7 foizi Top-10 savdo brendi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

May oyida eng ko‘p keshbek Korzinka tarmog‘idagi xaridlar bo‘yicha hisoblangan — 6,87 mln dona chek uchun 9,4 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Olma, Havas, Safia, Makro, KFC, EVOS, UNG Petro va boshqa brendlar qayd etilgan.

Institut ayrim holatlarda keshbekdan insofsiz maqsadlarda foydalanish holatlari ham uchrayotgani aytilgan. Xususan, real mahsulot sotilmagan bo‘lsa-da, byudjetdan keshbek olish uchun soxta hisob-kitob operatsiyalari orqali fiskal chek shakllantirish sxemalari kuzatilayotgani qayd etilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+