Oʻzbekistonda islomiy banklar va ularning mijozlari daromadi qanday soliqqa tortiladi?
Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish bilan bogʻliq yangi soliq qoidalari belgilandi. Qonunga koʻra, ayrim islomiy moliya operatsiyalari QQSdan ozod qilinadi, fuqarolarning islomiy banklarga kiritgan mablagʻlaridan olgan daromadlariga esa daromad soligʻi solinmaydi.

Avvalroq Pinkod Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun rasman qabul qilingani haqida yozgan edi.
Qonunga muvofiq, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortishning oʻziga xos jihatlarini belgilovchi yangi bob kiritildi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻidan (QQS) ozod qilinadigan operatsiyalar
Soliq kodeksiga kiritilgan yangi 480-4-moddaga muvofiq, islomiy moliya doirasidagi qator operatsiyalar QQSdan ozod qilinadi:
- Islomiy qimmatli qogʻozlar: Bu qogʻozlarni saqlash, ularga boʻlgan huquqni hisobga olish, oʻtkazish, reestrini yuritish va savdosini tashkil etish operatsiyalari QQSga tortilmaydi (qimmatli qogʻozlarni tayyorlash boʻyicha xizmatlar bundan mustasno).
- Ishonchli boshqaruv: Bank va mikromoliya tashkilotlari tomonidan ishonchli boshqaruv (vositachilik) shartnomalari asosida mijozga (komitentga) pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar.
- Islomiy ijara daromadi: Mol-mulkni islomiy ijaraga berishda ijara toʻlovlarining umumiy summasi va mol-mulkni sotib olish narxi oʻrtasidagi ijobiy farq.
- Tovarlardagi ustama: Bank va mikromoliya tashkilotlari tomonidan shartnomalar boʻyicha mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qoʻyiladigan ustama (marja).
Foyda soligʻini hisoblash
Foyda soligʻini hisoblashda islomiy moliya boʻyicha olingan mukofot tarzidagi daromadlar, shuningdek, islomiy sugʻurta va qayta sugʻurta tashkilotlarining daromadlari jami daromadlar tarkibiga kiritiladi.
Lekin bu yerda moliya muassasalari uchun yengillik bor. Agar mijozlar toʻlovlarni kechiktirgani uchun jarima yoki penya undirilsa va bu mablagʻlar islom qoidalariga koʻra xayriya qilinsa, ushbu xayriya mablagʻlari foyda soligʻi bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar qatoriga kiradi.
Shuningdek, islomiy ijara doirasida koʻchmas mulkni ijaraga beruvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari mol-mulk va yer soliqlari toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi.
Jismoniy shaxslar uchun soliq imtiyozi
Qonun bilan oddiy fuqarolar uchun islomiy banklarga sarmoya kiritish ancha jozibador koʻrinish oladi. Sababi, jismoniy shaxslarning islomiy moliya faoliyati bilan shugʻullanuvchi bank va mikromoliya tashkilotlariga vositachilik (topshiriq), ishonchli boshqaruv yoki sherikchilik asosida mablagʻ taqdim etishidan olgan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (JShDS) solinmaydi. Bu aholining boʻsh mablagʻlarini iqtisodiyotga faolroq jalb etishga xizmat qiladi.









