Oʻzbekistonda sanʼatkorlardan har bir toʻy yoki konsert uchun alohida soliq undirilishi mumkin
Yangi qaror loyihasiga koʻra, 2026 yildan boshlab sanʼatkorlar har bir koʻrsatgan xizmati haqidagi maʼlumotni “Soliq” ilovasiga kiritishi shart boʻladi.
Maʼlumotni yashirish soliq bazasini kamaytirish deb baholanib, shartnoma qiymatining 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Soliqdan qochgan sanʼatkor haqida xabar bergan fuqarolarga esa undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot puli toʻlanishi mumkin.

Oʻzbekistonda sanʼatkorlardan har bir toʻy yoki konsert uchun alohida soliq undirilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan qaror loyihasida keltirib oʻtilgan.
Loyihaga koʻra, 2026 yil 1 sentabrdan ijrochilar va ijodiy jamoalar koʻrsatadigan barcha xizmatlar Soliq mobil ilovasida roʻyxatga olinadi. Ijrochilar 2028 yil oxirigacha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini “bir xizmat — bir toʻlov” tamoyili asosida toʻlaydi. Biroq mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan ijrochilar ushbu tartibdan mustasno boʻladi.
Ijrochilar xizmat koʻrsatish joyi va sanasi haqidagi maʼlumotlarni mobil ilovaga kiritishi shart boʻladi. Zarur maʼlumotlar kiritilib, belgilangan toʻlov amalga oshirilgach, tizim avtomatik ravishda elektron maʼlumotnoma shakllantiradi.
Shuningdek, 2026 yil 1 sentabrdan konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanuvchilar uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida aylanmadan olinadigan soliqni toʻlash tartibi qoʻllanilmaydi. Mobil ilovaga maʼlumot kiritilmasligi yoki toʻlov amalga oshirilmasligi esa litsenziya talablarini qoʻpol ravishda buzish deb baholanadi.
2029 yil 1 yanvardan esa ijrochilarning ijodiy faoliyatidan olingan daromadlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi shartnoma qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.
Bundan tashqari, konsert-tomosha xizmatlari Soliq ilovasida xizmat joyi, sanasi va qiymati koʻrsatilgan holda roʻyxatga olinadi hamda ommaviy oferta shaklidagi shartnomalar tizim orqali rasmiylashtiriladi.
Soliq organlari daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni hisoblash, ushlab qolish va byudjetga oʻtkazishni avtomatik tarzda amalga oshiradi. Soliq summasi mobil ilovaga ulangan bank kartalaridan avtomatik yechib olinadi. Agar kartada yetarli mablagʻ boʻlmasa, toʻlov uchun alohida xabarnoma yuboriladi.
Tegishli maʼlumotlar soliq organlariga taqdim etilmasa, ushbu xizmat soliq bazasini yashirish yoki kamaytirib koʻrsatish sifatida baholanadi.
Bunday holatda 2026 yil 1 sentabridan boshlab ijrochilar va ijodiy guruhlarga nisbatan shartnoma oʻrtacha qiymatining 20 foizi miqdorida, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan kam boʻlmagan jarima qoʻllaniladi.
Mazkur huquqbuzarlik haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga esa tekshiruv natijasida undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida mukofot toʻlanishi ham koʻzda tutilgan.
Shuningdek, ijrochilar uchun ayrim soliq chegirmalari ham nazarda tutilgan. Jumladan, yillik umumiy daromadning 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlarsiz ham chegiriladi. Agar tasdiqlangan xarajatlar ushbu miqdordan oshsa, qoʻshimcha ravishda daromadning yana 10 foizi chegirilishi mumkin.
Litsenziya uchun toʻlangan davlat boji hamda ijtimoiy soliq summalari ham xarajat sifatida hisobga olinib, umumiy daromaddan ayriladi.









