12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

13 765.330 so‘m

increase

54.760

150.440 so‘m

decrease

-1.020

12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

2 soat avval
Bank
42

Omonat foizlarini soliqqa tortish taklifi rasmiy tashabbus emas — Markaziy bank

Jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan foiz daromadlariga 5 foizlik soliq joriy etish boʻyicha rasmiy taklif yoki qonun loyihasi mavjud emas. Markaziy bankka koʻra, muhokamalarga sabab boʻlgan gʻoya ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida bildirilgan.

Omonat foizlarini soliqqa tortish taklifi rasmiy tashabbus emas — Markaziy bank

 Avvalroq Pinkod.uz Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini soliqqa tortishni taklif qilgani haqida yozgan edi.

Markaziy bank matbuot xizmati ushbu taklif Fiskal tahlillar instituti tomonidan oʻtkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilganini maʼlum qildi.

Regulyatorning qayd etishicha, ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni oʻrganib, turli tahliliy gʻoyalarni muhokamaga olib chiqishi tabiiy jarayon hisoblanadi.

“Mazkur fikr ilmiy-tadqiqot natijalari taqdimoti doirasida bildirilgan boʻlib, rasmiy taklif sifatida kiritilmagan”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Markaziy bank bunday tashabbuslarni oʻrganishda ularning moliyaviy resurslar qiymati, banklarning resurs bazasi va moliyaviy barqarorlikka taʼsiri kompleks baholanishini bildirdi.

Bu degani, omonat foizlariga soliq joriy etilishi banklardagi jamgʻarmalar hajmi, depozit stavkalari va banklarning aholi mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlariga qanday taʼsir qilishi ham hisobga olinishi kerak.

Institut ham taklif rasmiy emasligini bildirdi

Fiskal tahlillar instituti ham omonat foizlarini soliqqa tortish gʻoyasi boʻyicha alohida izoh berdi.

Institutga koʻra, ushbu gʻoya uning ilmiy xodimlari tayyorlagan tahliliy tadqiqot natijasi boʻlib, “Fiskal muloqot” tadbirida ekspertlar va mutaxassislar oʻrtasidagi kasbiy muhokama uchun taqdim etilgan.

U hech qanday rasmiy qaror, normativ-huquqiy hujjat yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas.

Shuningdek, institut mazkur taklif amaldagi qonunchilikka oʻzgartirish kiritilganini yoki soliq yaqin vaqt ichida joriy etilishini anglatmasligini taʼkidladi.

Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar faqat belgilangan tartibda, tegishli davlat organlari tomonidan koʻrib chiqilib, jamoatchilik va ekspertlar ishtirokidagi muhokamalardan keyin tasdiqlanishi mumkin.

“Ayni paytda jismoniy shaxslarning bank omonatlari boʻyicha foizlari amaldagi qonunchilikka muvofiq, avvalgidek daromad soligʻidan ozod boʻlib qolmoqda”, — deyiladi institut izohida.

Tadqiqot xorijiy davlatlar tajribasi asosida tayyorlangan. Institut uning maqsadi turli daromad turlariga soliq solishdagi muvozanat va adolatlilikni ilmiy jihatdan baholash ekanini qayd etdi.

“Bu kabi tahlillar turli ehtimoliy yondashuvlarni, ularning ijobiy va salbiy tomonlarini ochib berish uchun oʻtkaziladi”, — deyiladi xabarda.

Oʻzi nima taklif qilinayotgan edi?

Fiskal tahlillar instituti mutaxassislari jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan foiz daromadlarini dividendlar bilan bir xil tartibda soliqqa tortish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif qilgan edi.

Taklifga koʻra, omonat boʻyicha olingan foiz daromadiga 5 foizlik jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi qoʻllanishi mumkin edi.

Masalan, fuqaro bir yil davomida omonatidan 10 mln soʻm foiz daromadi olsa, taklif etilgan yondashuv boʻyicha uning 500 ming soʻmi soliq sifatida undirilishi mumkin edi.

Bunda soliq fuqaroning bankka qoʻygan asosiy mablagʻiga emas, faqat bank tomonidan hisoblangan foiz daromadiga tatbiq etilishi nazarda tutilgan.

Ayni paytda esa Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan foiz daromadlari soliqqa tortilmaydi. Mazkur tartibni oʻzgartirish boʻyicha rasmiy qonun loyihasi yoki vakolatli davlat organining yakuniy qarori eʼlon qilinmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+