12 920.000 so‘m

decrease

-11.940

14 102.180 so‘m

decrease

-5.270

149.520 so‘m

decrease

-0.660

12 920.000 so‘m

decrease

-11.940

05-mart, 13:10
Bozor

Oʻzbekiston yanvar oyida oltin sotib olish boʻyicha dunyoda yetakchi boʻldi

Jahon oltin kengashi maʼlumotlariga koʻra, yanvar oyida sotib olingan oltinning deyarli 45 foizi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri keldi. Bu esa mamlakat oltin zaxiralarini 391 tonnaga yetkazdi.

Oʻzbekiston yanvar oyida oltin sotib olish boʻyicha dunyoda yetakchi boʻldi
Foto: AI / Pinkod.uz

Jahon oltin kengashi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, markaziy banklar 2025 yil yanvar oyida jami 18 tonna sof oltin xarid qilgan. Bu jarayon global iqtisodiy va geosiyosiy noaniqlik sharoitida markaziy banklarning oltinga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Ushbu davrda Oʻzbekiston Markaziy banki 8 tonna sof oltin xarid qilgan. Natijada mamlakatning oltin zaxiralari 391 tonnaga yetdi. Bu miqdor Oʻzbekiston umumiy xalqaro zaxiralarining 82 foizini tashkil etadi.

Oʻzbekiston Markaziy bankidan keyin ikkinchi yirik xaridor sifatida Xitoy ajralib turdi – mamlakat ushbu davrda 5 tonna oltin qoʻshgan boʻlsa, Qozogʻiston 4 tonna oltin xarid qilib, uchinchi oʻrinni egalladi. Qozogʻistonning umumiy oltin zaxiralari 288 tonnani tashkil qilib, mamlakat xalqaro zaxiralarining 55 foiziga yetdi.

Bundan tashqari, Polsha va Hindiston ham oʻz zaxiralarini 3 tonnaga oshirgan boʻlsa, Chexiya (2 tonna) va Qatar (1 tonna) ham oltin xarid qilgan davlatlar qatorida boʻldi.

Baʼzi davlatlar esa aksincha, oʻz oltin zaxiralarining bir qismini sotgan. Xususan, Rossiya va Iordaniya har biri 3 tonna oltin sotgan boʻlsa, Qirgʻiziston Milliy banki esa 2 tonna oltin realizatsiya qilgan.

Oʻzbekistonning umumiy xalqaro oltin-valyuta zaxiralari yanvar oyida $1,7 milliardga oshib, $42,9 milliardga yetgan edi. Ushbu oʻsishning asosiy sababi jahon bozorida oltin narxining oshishi bilan bogʻliq. Fevral oyida ham oltin narxi yuqorilaganini hisobga olsak, zaxiralar yana koʻpayishini kutish mumkin. 

Avvalroq, Goldman Sachs oltin narxi uchun prognozini $3 100 ga chiqargan edi. Citi Bank esa yaqin uch oy ichida oltin narxi $3 000 ga chiqishini prognoz qilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+