Oʻzbekiston may oyida $1 mlrdlik oltin eksport qildi
Bu holat oltin narxining rekord darajada koʻtarilishi bilan bogʻliq. Maʼlumot uchun, mamlakat xalqaro zaxiralari tarkibidagi oltinning fizik hajmi ketma-ket toʻrtinchi oyda ham kamaygan.

2025 yilning yanvar-may oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi $31,3 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi xabar berdi.
Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga koʻpdir.
Tashqi savdo tarkibida eksport hajmi $14,8 mlrdni (+31,1 foiz), import hajmi esa $16,5 mlrdni (+3,7 foiz) tashkil etdi.
Eksportdagi bunday oʻsish asosan oltin sotuvi hisobiga yuzaga kelmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston may oyida $1 mlrdlik oltin sotgan. 2025 yil boshidan beri esa oltin eksporti $6,6 mlrdga yetgan boʻlib, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 56,9 foizga koʻproqdir.
Oʻzbekiston Jahon oltin kengashining soʻnggi uchta hisobotida oltin eksporti boʻyicha yetakchi mamlakat sifatida qayd etilgan. Xususan, fevral oyida 12 tonna oltin sotib, Qozogʻistondan (8 tonna) oʻzib ketgan va jahonda eng yirik eksportchi boʻlgan. Mart oyida esa 11 tonna oltin eksport qilinib, bu pozitsiya saqlab qolingan.
Aprel oyida eksport qilingan oltinning qiymati 1,91 milliard dollarga teng boʻlgan. Bu oyda ham mamlakat 11 tonna oltin eksport qilgan.
Avvalroq, Oʻzbekiston xalqaro oltin-valyuta zaxiralari may oyida ham oʻsishda davom etgani xabar qilingan edi. Shunga qaramasdan, zaxiralar tarkibidagi oltinning fizik hajmi ketma-ket toʻrtinchi oy kamaygan.