Dollar qulamoqda: rasmiy kurs soʻnggi bir yarim yil ichidagi minimiumga tushdi
AQSh dollarining oʻzbek soʻmiga nisbatan qiymati 62,32 soʻmga pasayib, 12 496,94 soʻmni tashkil etdi. Bu 2024 yil fevralidan beri qayd etilgan eng past koʻrsatkichdir.
Dollar kursi nega tushib ketmoqda?

Markaziy bank 2025 yil 23 iyundan boshlab kuchga kiradigan xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan yangi rasmiy kurslarini eʼlon qildi.
Unga koʻra, AQSh dollarining kursi 62,32 soʻmga pasayib, 12 496,94 soʻmni tashkil etdi. Bu 2024 yil martidan beri qayd etilgan eng past koʻrsatkichdir. Dollarning 12 500 soʻmdan pastga tushishi oxirgi marta qariyb 1,5 yil avval sodir boʻlgan
Umuman olganda soʻnggi 30 kun ichida AQSh dollarining soʻmga nisbatan qiymati 400 soʻmdan ortiqqa, bir hafta ichida esa 260 soʻmdan koʻproqqa pasaydi.
Valyuta kurslari quyidagicha belgilandi:
- AQSh dollari — 12 496,94 soʻm (-62,32 soʻm)
- Yevro — 14 405,22 soʻm (-7,79 soʻm)
- Rossiya rubli — 159,38 soʻm (-0,79 soʻm)
- Funt sterling — 16 864,62 soʻm (+7,58 soʻm)
Dollar kursi nega tushib ketmoqda?
Dollar kursining tushishiga bir qator ichki va tashqi omillar sabab boʻlmoqda. Eng avvalo, AQSh valyutasi nafaqat oʻzbek soʻmiga, balki boshqa koʻplab global valyutalarga nisbatan ham qadrsizlanmoqda. Buni Dollar indeksi (DXY) koʻrsatkichining 2022 yilda Rossiya—Ukraina urushi boshlanganidan beri eng past nuqtaga tushganidan bilish mumkin.
Shuningdek, Oʻzbekistonga kirib kelayotgan xorijiy pul oʻtkazmalari hajmi sezilarli darajada oshgan. 2025 yilning birinchi choragida mamlakatga yuborilgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari 32 foizga koʻpayib, $3,3 milliardni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Markaziy banki xalqaro bozorda oltin sotish boʻyicha yetakchi oʻrinni egallamoqda. Yil boshidan buyon oltin zaxiralari 26 milliard dollarga kamaygani bu jarayonni tasdiqlaydi.
Ushbu omillar natijasida esa ichki bozorda xorijiy valyuta massasi ortmoqda.
Avvalroq, S&P Global reyting agentligi kelgusi uch yildagi rasmiy kursi boʻyicha prognozlarini taqdim etgan edi.
Unga koʻra dollarning oʻzbek soʻmiga nisbatan qiymati:
- 2025 yilda — 13,566 soʻm
- 2026 yilda — 14,244 soʻm
- 2027 yilda — 14,957 soʻm
- 2028 yilda — 15,704 soʻm