Yanvar–mart oylarida Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi 32 foizga oshdi
Bu oʻsish mehnat migrantlari oqimining ortishi hamda asosiy hamkor davlatlar valyutalarining mustahkamlanishi bilan izohlanmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga xorijdan amalga oshirilgan pul oʻtkazmalari hajmi $3,3 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning pul-kredit siyosatiga oid sharhida maʼlumot berilgan.
Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ($2,5 mlrd) 32 foizga oshgan. Yanvar va mart oylarida mamlakatga har biri qariyb $1 mlrddan pul oʻtkazmalari amalga oshirilgan. Ayniqsa, mart oyida eng yuqori oʻsish kuzatilib, bu oyda transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi $1,2 mlrdga yetgan.

Markaziy bank ushbu oʻsishni asosiy savdo hamkorlarining milliy valyutalari mustahkamlanishi hamda yuqori ish haqi taklif qiluvchi davlatlarga mehnat migrantlari oqimining ortishi bilan izohlaydi.
Shuningdek, soʻnggi davrlarda pul oʻtkazmalari mamlakatga kelayotgan daromadlar oʻsishidagi asosiy omillardan biri boʻlib qolmoqda.
Mehnat migrantlarini qabul qiluvchi davlatlarda valyuta kurslarining barqarorlashuvi, ish haqlarining oshishi hamda yuqori daromadli mamlakatlarda ishchi kuchiga boʻlgan talabning ortib borayotgani tufayli, pul oʻtkazmalarining yillik oʻsish prognozi ilgari kutilgan 10–12 foizdan 15–18 foizgacha qayta koʻrib chiqildi.
Biroq, asosiy iqtisodiy hamkorlar valyuta kurslarida kutilayotgan yuqori tebranishlar va global iqtisodiy oʻsish prognozlarining pasayishi tufayli, istiqbolda pul oʻtkazmalari dinamikasi boʻyicha maʼlum darajadagi noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kirgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi $14,8 mlrdni tashkil etgan edi. Bu, 2023 yilga nisbatan 30 foizga yoki $3,4 mlrdga koʻproqdir