12 199.100 so‘m

increase

30.120

14 585.240 so‘m

decrease

-2.930

160.490 so‘m

increase

0.600

12 199.100 so‘m

increase

30.120

1 kun avval
Bank
102

Banklarda soʻmdagi omonatlar boʻyicha foizlar 2022 yildan beri eng past darajaga tushdi

2025 yil yakunida soʻmdagi omonatlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan stavka 18,4 foizga tushib, soʻnggi uch yildagi eng past darajani qayd etdi.

Bir yil ichida esa bank tizimidan avval 27 foizlik, keyin 23 foizdan yuqori omonatlar butunlay yoʻqoldi.

Xoʻsh, mazkur oʻzgarishga nimalar sabab boʻldi?

Banklarda soʻmdagi omonatlar boʻyicha foizlar 2022 yildan beri eng past darajaga tushdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekiston bank sektorida kutilgan oʻzgarish yuz berdi: milliy valyutadagi omonatlar boʻyicha daromadlilik pasayish trendiga oʻtdi

Dekabr oyi yakunlariga koʻra, bozordagi oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 18,4 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2022 yildan buyon qayd etilgan eng past daraja hisoblanadi.

Jami muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha stavka 2024 yil iyun oyida kuzatilgan eng yuqori nuqta — 20 foizdan 1,6 foiz punktga pasaydi.

Aholi depozitlari boʻyicha oʻrtacha stavka ham dekabr oyida 20,6 foizgacha tushib, 2023 yil martidan beri eng past koʻrsatkichni qayd etdi. 

Tadbirkorlar tomonidan ochilgan muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan stavka dekabr oyida 16,4 foiz darajasida saqlanib qoldi. Shunga qaramay, bu koʻrsatkich 2024 yil dekabriga nisbatan 0,4 foiz punktga past.

Foiz stavkalari nega pasaydi?

Avvalroq, 2024 yil oktabridan 2025 yil martigacha boʻlgan olti oy davomida aholi depozitlari boʻyicha stavkalar 22,1 foiz darajasida saqlanib turgan edi.

Oʻsha davrda Oʻzbekistondagi ayrim banklarda 27 foizlik omonatlarni taklif qilish holatlari kuzatilgan (jumladan, TBC Bank, Anorbank va boshqalar). Biroq yanvar oyidan boshlab bank tizimida 27 foizlik omonatlar toʻliq yoʻqoldi. Mazkur oʻzgarish dastlab umumiy foiz stavkalariga sezilarli taʼsir koʻrsatmagan.

So‘mdagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari (2022–2025)

Chart: Pinkod.uz | Manba: MB ma’lumotlari

Foiz stavkalarining izchil pasayishiga asosiy turtki 2025 yil mart oyining oxirida kuzatildi. Oʻshanda Oʻzbekiston banklari sinxron ravishda omonatlar boʻyicha foiz stavkalarini 23 foizdan oshmaydigan darajagacha tushira boshladi. Ushbu oʻzgarishlar aprel oyidan kuchga kirgani sababli, pasayish ham aynan shu davrdan boshlab statistikada aks etdi.

Jamoatchilik orasida ushbu sinxron oʻzgarishlar maʼmuriy topshiriqlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar mavjud. Markaziy bank mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Oʻtgan yil iyun oyida XVJ oʻz hisobotida Markaziy bankning mustaqilligini ijobiy baholagan edi. Biroq, XVJ aprel oyidagi banklardagi omonat stavkalarining ommaviy ravishda tushirilishiga qanday munosabat bildirgani nomaʼlum.

Jami kredit foizlari deyarli oʻzgarmagan

Depozitlar boʻyicha daromadlilik pasayayotganiga qaramay, jami kreditlar boʻyicha foiz stavkalari deyarli oʻzgarmagan. Xususan, 2024 yil dekabrida kreditlarning oʻrtacha stavkasi 23,4 foizni, 2025 yil dekabrida esa 23,2 foizni tashkil etdi.

Hozirda aholiga ajratiladigan kreditlar boʻyicha stavkalarda biroz pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda — oʻrtacha 23,4 foiz. Biroq ushbu statistikada mikroqarzlar boʻyicha stavkalar hisobga olinmasligini inobatga olish lozim.

Oltin omonatlardan koʻra jozibador boʻldi

Shu tariqa, bir yil ichida Oʻzbekistonda avval 27 foizlik, keyinchalik esa 23 foizdan yuqori omonatlarni taklif qilayotgan banklar qolmadi. 

Ayni paytda muqobil investitsiya vositasi sifatida oltin keskin ustunlikka ega boʻldi. Oltin narxlari 2025 yilni 66 foizlik oʻsish bilan yakunladi. Joriy yil 29 yanvarda narxlar eng yuqori nuqtaga chiqqan paytda, oltinning soʻnggi 12 oydagi oʻsishi 98 foizgacha yetgani qayd etildi.

Yanvar oyining yakunlariga koʻra, oltin bir oy ichida qariyb 14 foizga qimmatlashgan. Narxlar choʻqqiga chiqqan paytda esa oylik oʻsish 29 foizdan ham oshib ketgan. 

Bu holat milliy valyutadagi depozitlarning jozibadorligini sezilarli darajada kamaytirishi va aholi jamgʻarmalarining xatti-harakatlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+