12 586.410 so‘m

increase

54.630

14 758.820 so‘m

increase

220.700

160.420 so‘m

increase

0.600

12 586.410 so‘m

increase

54.630

20-iyun, 13:43
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston iqtisodiyoti barqaror oʻsishda davom etmoqda, ammo islohotlar jadallashishi kerak — XVJ

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi hisobotida mamlakatning iqtisodiy oʻsishi olqishlangan boʻlsa-da, iqtisodiyotda davlat ishtirokining hanuz yuqoriligi va tashqi xatarlar asosiy muammolar sifatida koʻrsatilgan.

Undan tashqari, tashkilot Oʻzbekistonga Markaziy bank mustaqilligini mustahkamlashni ham tavsiya qilmoqda.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti barqaror oʻsishda davom etmoqda, ammo islohotlar jadallashishi kerak — XVJ
Foto: AI / Pinkod.uz

2025 yil 16 iyun kuni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston bilan IV-modda boʻyicha yillik konsultatsiyani yakunladi

Hisobotga koʻra, 2024 yilda mamlakatda real YaIM 6,5%, 2025 yil I choragida esa 6,8% ga oʻsgan. Oʻsish asosan kuchli ichki talab, xususiy isteʼmol va investitsiyalar bilan bogʻliq.

Shu bilan birga, energetika sektorida narxlarni liberallashtirish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar 2024 yil may oyida inflyatsiyani 10,6 foizga olib chiqqan. Biroq 2025 yil aprel holatiga bu koʻrsatkich 10,1 foizgacha pasaygani kuzatilgan.

Joriy hisob balansidagi taqchillik 2024 yilda YaIMga nisbatan 2,6 foiz punktga qisqargan holda 5 foiz atrofida boʻlgan. Bunga kuchli pul oʻtkazmalari, oltindan tashqari eksport hajmining oshishi va 2023 yildagi bir martalik import toʻlqinining ortga qaytishini sabab qilib koʻrsatish mumkin. Xalqaro zaxiralar esa 2026 yil oxirigacha 9,2 oylik importni qoplay oladigan darajada saqlanishi prognoz qilinmoqda.

Fiskal intizom borasida ham muhim natijalar qayd etilgani taʼkidlangan. 2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 1,7 foiz punktga qisqarib, YaIMga nisbatan 3,2 foizni tashkil etdi. Biroq, kengaytirilgan davlat sektori darajasida kutilganidan yuqori miqdorda qarz olish va sarf-xarajatlar kuzatilgan.

XVJ prognoziga koʻra, 2025–2026 yillarda real YaIM oʻsishi har yili 6% atrofida boʻladi, inflyatsiya esa 2027 yilga kelib 5% gacha tushadi.

Shunga qaramay, tashqi savdo noaniqligi, tovar narxlari va davlat sektori majburiyatlari xavf omillari sifatida qolmoqda. XVJ tuzilma islohotlarini jadallashtirish, davlat ishtirokini kamaytirish va moliyaviy sektorni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Ijroiya kengashi bahosi

IMF direktorlar kengashi Oʻzbekistonning iqtisodiy transformatsiyadagi saʼy-harakatlarini olqishladi. Shu bilan birga, ular davlatning iqtisodiyotdagi roli hanuz yuqori ekanligini va bu xususiy sektor rivojini cheklab, makroiqtisodiy barqarorlikka xavf tugʻdirishi mumkinligini qayd etdi.

Direktorlar fiskal konsolidatsiya sohasida erishilgan yutuqlarni eʼtirof etarkan, soliq bazasini kengaytirish, byudjet xarajatlarini samarali tashkil etish, va davlatning yuqori daromadli davrlarda (masalan, oltin narxining oʻsishi fonida) protsiklik siyosatdan saqlanishini taʼminlash muhimligini taʼkidladi. Maʼlumot uchun, Markaziy bank 2025 ketma-ket uch oydan beri jahon miqyosida oltin sotish boʻyicha yetakchi boʻlib kelmoqda

Shuningdek, davlat korxonalari va davlat-xususiy sherikliklardan kelib chiqadigan fiskal xatarlarni monitoring qilish va ularni boshqarish tizimini mustahkamlash zarurati ham koʻrsatib oʻtilgan.

Markaziy bank mustaqilligi

Markaziy bank faoliyati ham ijobiy baholandi. Inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan qatʼiy siyosat, pul-kredit siyosatining maʼlumotlarga asoslanganligi va almashuv kursining moslashuvchanligini oshirish boʻyicha rejalarga ijobiy baho berildi. Direktorlar Markaziy bank mustaqilligini mustahkamlash va AML/CFT tizimini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar berdilar. Biroq, XVJ aprel oyidagi banklardagi omonat stavkalarining ommaviy ravishda tushirilishiga qanday munosabat bildirgani nomaʼlum. Jamoatchilik oʻsha paytda mazkur sinxron oʻzgarish maʼmuriy aralashuv natijasi boʻlish mumkinligini taxmin qilgan edi

Bank sektorida esa nazorat, muammoli aktivlarni tasniflash, nosoz kreditlarni boshqarish va davlat banklarining tijoratlashtirilishini tezlashtirish lozimligi taʼkidlandi. Xususiylashtirish jarayonlari esa xalqaro standartlarga muvofiq olib borilishi kerak.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+