Oʻzbekistonda omonatlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkalari pasaymoqda
Banklardagi omonatlar boʻyicha foiz stavkalarining ommaviy ravishda pasaytirilishi oʻz taʼsirini koʻrsata boshladi. Mazkur koʻrsatkich 2024 yil may oyidan beri eng past darajaga tushib ketdi.

Banklardagi omonatlar boʻyicha foiz stavkalarining ommaviy ravishda pasaytirilishi oʻz taʼsirini koʻrsata boshladi. Markaziy bank bergan maʼlumotlarga koʻra, 2024 yil aprel oyida milliy valyutada (soʻmda) aholi omonatlari uchun oʻrtacha foiz stavkasi 0,5 foizga pasayib, 21,6 foizni tashkil etdi.
Jismoniy shaxslar uchun milliy valyutadagi omonat foiz stavkalari soʻnggi olti oy davomida oʻzgarmasdan saqlanib kelayotgan edi. Biroq aprel oyiga kelib bu koʻrsatkich 2024 yil may oyidan beri eng past darajaga tushib ketdi.

Mazkur holatni banklarning aprel oyidan boshlab omonat foiz stavkalarini 23 foizdan oshmaydigan darajagacha tushirgani bilan izohlash mumkin. Jamoatchilik fikricha, ushbu sinxron oʻzgarishlarga maʼmuriy topshiriq sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga, milliy valyutadagi yuridik shaxslar omonatlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 0,9 foizga oshib, 17,5 foizni tashkil etdi. Bu esa 2024 yil sentabr oyidan buyon qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Ayni paytda banklardagi soʻmda ochiladigan omonatlar uchun maksimal foiz stavkasi 23 foizni tashkil qilmoqda. Avval bu raqam 27 foiz edi.
Xorijiy valyutadagi depozitlar
Aprel oyida xorijiy valyutadagi jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi biroz oshib, 5,1 foizga yetdi. Shunga qaramay, bu koʻrsatkich 2024 yil noyabr oyiga nisbatan 1,2 foizga kamroqdir.

Xorijiy valyutadagi yuridik shaxslar muddatli depozitlari boʻyicha esa deyarli oʻzgarish kuzatilmadi — ularning oʻrtacha foiz stavkasi 4,3 foiz atrofida boʻldi.