Xususiylashtirilishi kutilayotgan Mobiuz 2025 yilda 173,6 mlrd soʻm sof foyda oldi
Mobiuz mobil aloqa operatori 2025 yil yakunlari boʻyicha 173,6 mlrd soʻm sof foyda qayd etdi. Bir yil ichida mazkur koʻrsatkich qariyb 39 baravarga oshgan.

Mobiuz mobil aloqa operatori 2025 yil yakunlari boʻyicha 173,6 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu haqda kompaniya hisobotida keltirib oʻtilgan.
Hisobotga koʻra, 2025 yil davomida kompaniyaning jami tushumi 2,5 trln soʻmni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 19 foizga oshgan.
Mahsulot va xizmatlarning realizatsiya tannarxi yil davomida 1,6 trln soʻmni tashkil etdi. Natijada kompaniyaning yalpi foydasi 863,1 mlrd soʻmga yetdi. Bu esa oʻtgan yilga nisbatan qariyb 15 foizga koʻpdir.
Mobiuz 2025 yilda davlat byudjetiga jami 235,3 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Bu koʻrsatkich bilan u xizmat koʻrsatish sohasidagi korxonalar orasida 9 oʻrinni egallagan. Toʻlangan soliqlarning 64,1 mlrd soʻmlik qismi foyda soligʻi hisobiga toʻgʻri keladi.
Barcha xarajatlar va soliq toʻlovlari chiqarib tashlangach, 2025 yil yakunida kompaniyaning sof foydasi 173 mlrd 606 mln soʻmni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda kompaniya sof foydasi atigi 4,3 mlrd soʻm boʻlgan. Shunday qilib, bir yil ichida sof foyda qariyb 39 baravarga oshgan.
Mobiuz va uni xususiylashtirish
9 iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasi ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshlaganini maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Mobiuz mobil aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bloomberg manbalarining maʼlum qilishicha, jarayonga Yaqin Sharq va Yevropadan investorlar jalb qilinishi mumkin.
Shuningdek, agar Mobiuz boshqa operatorlar bilan birlashish ehtimoli yuzaga kelsa, davlat potensial xaridorni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Dastlab kompaniyani xarid qilishga 15 nafar investor qiziqish bildirgan edi. Hozirgi vaqtda esa Mobiuz’ni sotib olish uchun uch nafar talabgor oʻzaro raqobatlashmoqda.









