Xalq banki boshqaruvi raisi oʻrinbosari Xasanjon Axmedov lavozimidan ozod etildi
Xalq banki boshqaruvi raisi oʻrinbosari Xasanjon Axmedov oʻz arizasiga asosan lavozimidan ozod etildi. U bank Boshqaruvi aʼzoligidan ham chiqarilgan. Bu soʻnggi haftalarda davlat banklari rahbariyatida kuzatilayotgan navbatdagi kadr oʻzgarishi boʻldi.

Xasanjon Muxamadovich Axmedov Xalq Banki boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda bank ochiqlagan korporativ axborotdan maʼlum boʻldi.
Axmedov Xalq banki boshqaruvi raisi oʻrinbosari etib 2025 yil 12 fevralda tayinlangan edi. Ungacha Axmedov 2023 yildan Xalq bankida kompleks rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Bank tizimida Ipoteka-bank, Oʻzsanoatqurilishbank va Xalq bankida turli, jumladan rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Axmedovning ketishi davlat banklari boshqaruvida soʻnggi haftalarda kuzatilayotgan ketma-ket oʻzgarishlarning davomi boʻldi.
17 sentabrda Mikrokreditbank Kuzatuv kengashi boshqaruv raisi oʻrinbosari Sodir Melibayevni oʻz xohishiga koʻra lavozimidan ozod qilgan edi. Uning Boshqaruv aʼzosi sifatidagi vakolati ham muddatidan oldin tugatilgan. Yangi boshqaruv tarkibi tasdiqlanganda rais oʻrinbosarlaridan bir oʻrin vakant qolgan.
Oradan bir hafta oʻtib, 24 sentabrda Xalq bankida Xasanjon Axmedov boʻyicha qaror qabul qilindi.
25 sentabrda esa Turonbank Kuzatuv kengashi boshqaruv raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Zohidjon Obidovning vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Uning lavozimi va Boshqaruv aʼzosi sifatidagi vakolatlari 29 sentabrdan bekor qilingan. Obidov ham oʻz arizasiga asosan ketgan.
30 sentabrda Aloqabankda ham xuddi shunday qaror qabul qilindi. Boshqaruv raisi oʻrinbosari Akmal Xolmuradov oʻz arizasiga binoan lavozimidan ozod qilindi va uning Boshqaruv aʼzosi sifatidagi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Mehnat shartnomasi 5 oktabrdan bekor qilingan.
Shu tariqa, 17 sentabrdan 30 sentabrgacha boʻlgan ikki hafta ichida kamida toʻrtta davlat banki — Mikrokreditbank, Xalq banki, Turonbank va Aloqabankda bittadan boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimini tark etdi.
Pinkod avvalroq bir-biridan mustaqil manbalarga tayanib, boshqa davlat banklarida ham shunga oʻxshash kadr oʻzgarishlari kutilayotgani haqida xabar bergan edi. Hozircha Markaziy bank yoki hukumat davlat banklarida boshqaruv raisi oʻrinbosarlari sonini umumiy tartibda qisqartirish boʻyicha ochiq rasmiy bayonot bermagan.









