“Turonbank” boshqaruvi raisi oʻrinbosari Zohidjon Obidov lavozimidan ketdi
“Turonbank” boshqaruvi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Zohidjon Obidovning vakolatlari oʻz arizasiga asosan muddatidan oldin tugatildi. U ushbu lavozimda 2025 yil fevralidan beri, yetti oydan sal koʻproq ishlagan. Yigʻilish bayonnomasida Bosh vazir oʻrinbosarining topshirigʻi va Markaziy bankning tanqidiy xati ham qayd etilgan, ammo ularning isteʼfoga aloqasi ochiqlanmagan.

“Turonbank” ATB boshqaruvi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Zohidjon Obidovning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Qaror uning oʻz arizasiga asosan qabul qilingan.
“Turonbank” boshqaruvi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Zohidjon Obidovning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Qaror uning oʻz arizasiga asosan qabul qilingan boʻlib, u mazkur lavozimda yetti oydan sal koʻproq ishladi.
Bank kengashi Zohidjon Obidovni lavozimidan ozod qilish masalasini 25 sentabrda koʻrib chiqqan. Qarorga muvofiq, uning boshqaruv raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi hamda boshqaruv aʼzosi sifatidagi vakolatlari 2026 yil 29 sentabrdan tugatilgan.
Yigʻilish bayonnomasida Bosh vazir oʻrinbosarining 16 sentabrdagi topshirigʻi va Markaziy bankning 4 sentabrdagi tanqidiy xati ham qayd etilgan. Biroq hujjatda ushbu topshiriq va xatning mazmuni, shuningdek, ularning Obidovning lavozimdan ketishi bilan bevosita bogʻliqligi ochiqlanmagan.
Zohidjon Sidiqovich Obidov 1985 yil 11 yanvarda Fargʻona shahrida tugʻilgan. U 2005 yilda Fargʻona politexnika institutida bakalavriatni, 2020 yilda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida magistraturani tamomlagan. Mutaxassisliklari — iqtisodiyot va davlat boshqaruvi.
Obidov bank tizimidagi mehnat faoliyatini 2006 yilda “Paxtabank”ning Vodil filiali iqtisodiy boʻlimida yetakchi mutaxassis sifatida boshlagan. 2007 yildan 2014 yil oxirigacha Oʻzbekiston–Germaniya “Savdogar” bankining Fargʻona viloyati boʻlimida turli lavozimlarda ishlagan.
U 2014 yil dekabrda “Turonbank” tizimiga oʻtgan. Keyingi yillarda bankning Fargʻona, Andijon va Yunusoboddagi boʻlinmalariga rahbarlik qilgan. 2024 yil martdan Yunusobod bank xizmatlari markazi rahbari vazifasini bajaruvchi boʻlib ishlagan.
2025 yil fevralda Zohidjon Obidov “Turonbank” boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan.









