11 846.570 so‘m

increase

37.380

13 240.910 so‘m

increase

34.690

138.950 so‘m

increase

0.800

11 846.570 so‘m

increase

37.380

14 soat avval
Iqtisodiyot
136

Uzum Market ilgari Yandex Cloud’dan foydalangan: ikki yirik nosozlik oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor?

Uzum Market’da 8 oktabrga oʻtar kechasi boshlangan texnik nosozlik 31 soatdan koʻproq davom etdi. Deyarli bir vaqtning oʻzida Rossiyadagi Yandex maʼlumotlar markazi Ukraina dronlari hujumiga uchragan. Pinkod oʻrgangan ochiq manbalar ikki kompaniya oʻrtasida ilgari texnologik hamkorlik mavjud boʻlganini koʻrsatmoqda.

Uzum Market ilgari Yandex Cloud’dan foydalangan: ikki yirik nosozlik oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor?

Uzum Market’dagi nosozlik Yandex maʼlumotlar markaziga dron hujumi bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi

Uzum Market’da 8 oktabrga oʻtar kechasi boshlangan texnik nosozlik 31 soatdan koʻproq davom etmoqda. Deyarli bir vaqtning oʻzida Rossiyadagi Yandex maʼlumotlar markazi dron hujumiga uchragan. Pinkod oʻrgangan ochiq manbalar Uzum Market ilgari Yandex Cloud infratuzilmasidan foydalanganini koʻrsatmoqda, biroq ikki hodisa oʻrtasidagi bevosita bogʻliqlik hozircha tasdiqlanmagan.

8 oktabr kuni Uzum Market faoliyatida keng koʻlamli texnik uzilishlar yuz berdi. Foydalanuvchilar sayt va mobil ilovadan foydalanish, mahsulotlarni koʻrish hamda buyurtmalarni rasmiylashtirishda muammolarga duch kelgan. Nosozlik sotuvchilarning shaxsiy kabinetlari, omborlar va buyurtmalarni topshirish punktlariga ham taʼsir koʻrsatgan.

Kompaniya matbuot xizmatining Spot’ga maʼlum qilishicha, muammo tizimlarni rejali yangilash jarayonida yuzaga kelgan. Uzum noyabr oyidagi yirik chegirmalar mavsumiga, jumladan, 11.11 aksiyalariga tayyorgarlik koʻrayotgan boʻlgan.

Dastlab kompaniya xizmatlarni 8 oktabr davomida tiklashni rejalashtirgan. Biroq 9 oktabr kuni ertalab ham savdo platformasi toʻliq ishga tushmagan.

Rossiyada Yandex maʼlumotlar markaziga hujum qilindi

8 oktabrga oʻtar kechasi Rossiyaning Ryazan viloyatidagi Sasovo shahrida joylashgan Yandex maʼlumotlar markazi dron hujumiga uchradi. Reuters xabariga koʻra, Ukraina dronlari hujumi oqibatida markazda yongʻin kelib chiqqan va uning faoliyati toʻliq toʻxtatilgan.

Yandex Cloud oʻzining "ru-central1-b" zonasida elektr taʼminoti uzilganini maʼlum qilgan. Natijada ushbu zonada joylashgan ayrim bulutli xizmatlardan foydalanish imkonsiz boʻlib qolgan.

8 oktabr kuni kechqurun Yandex zararlangan uskunalarni tiklash mumkinligini hozircha aniqlay olmaganini bildirgan. Keyinchalik kompaniya mazkur zonani yaqin vaqt ichida ishga tushirishning imkoni boʻlmasligini maʼlum qilib, mijozlarga xizmatlarini boshqa infratuzilmaga koʻchirishni tavsiya etgan.

Ushbu hodisa Yandex Cloud xizmatlaridan foydalanuvchi boshqa kompaniyalar faoliyatiga ham taʼsir koʻrsatgan.

Uzum Market ham Yandex Cloud’dan foydalangan

Pinkod oʻrgangan ochiq maʼlumotlarga koʻra, Uzum Market ilgari Yandex Cloud bulutli infratuzilmasidan foydalangan.

Xususan, 2023 yil oktabrdan 2025 yil fevralgacha Uzum’ning Infrastructure Platform Services yoʻnalishiga rahbarlik qilgan Vladimir Utratenko oʻzining ochiq rezyumesida Yandex Cloud va Selectel infratuzilmasini rivojlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash uning vazifalaridan biri boʻlganini koʻrsatgan.

Bundan tashqari, Yandex Cloud 2024 yil oktabrda Utratenko ishtirokidagi podkastni eʼlon qilgan. Unda mutaxassis Uzum Market IT-infratuzilmasiga masʼul rahbar sifatida tanishtirilgan.

Yandex Cloud 2025 yil yanvardagi hisobotida ham Uzum bilan bogʻliq maʼlumotni keltirgan. Unga koʻra, 2024 yil dekabrda Uzum mutaxassislari Yandex Managed Service for ClickHouse boʻyicha maxsus oʻquv kursida qatnashgan.

Shunday qilib, ikki kompaniya oʻrtasida ilgari texnologik hamkorlik mavjud boʻlganini koʻrsatuvchi dalillar bor. Biroq bu Uzum Market 2026 yil 8 oktabrda ham aynan zararlangan Yandex Cloud zonasidan foydalanganini anglatmaydi.

Uzum matbuot xizmati Spot’ga kompaniya maʼlumotlarining bir qismi oʻz infratuzilmasida, qolgan qismi esa Oʻzbekiston hududidagi bulutli serverlarda saqlanishini maʼlum qilgan.

SellerLab Uzum infratuzilmasidagi oʻzgarishlarni qayd etdi

Marketpleys sotuvchilari bilan ishlovchi SellerLab kompaniyasi ham Uzum Market’dagi nosozlik va Yandex Cloud avariyasi vaqt jihatidan bir-biriga yaqin sodir boʻlganiga eʼtibor qaratdi.

Kompaniyaning texnik kuzatuvlariga koʻra, Uzum sotuvchilari uchun API 8 oktabr kuni soat 02:52 da xatolik qaytara boshlagan. Yandex Cloud’da esa soat 03:31 da elektr taʼminoti bilan bogʻliq uzilish qayd etilgan.

SellerLab yana bir muhim holatni aniqlaganini bildirdi. 8 oktabr soat 14:37 da "uzum.uz" domeni vaqtincha Oʻzbekistondagi Uzum tarmogʻiga yoʻnaltirilgan, biroq 12 daqiqadan keyin avvalgi konfiguratsiyaga qaytarilgan.

9 oktabrga oʻtar kechasi esa sayt va sotuvchilar kabinetiga kirish sahifalari Uzum’ning Oʻzbekistondagi tarmogʻiga oʻtkazilgani qayd etilgan.

Shunga qaramay, 9 oktabr soat 10:15 holatiga mahsulotlar katalogi toʻliq yuklanmagan, sotuvchilar kabinetiga kirish va API xizmatlaridan foydalanish imkonsiz boʻlib qolgan.

SellerLab bu holatni Uzum oʻz infratuzilmasining bir qismini boshqa serverlarga koʻchirayotgan boʻlishi mumkinligi bilan izohlamoqda. Biroq bu kompaniyaning rasmiy bayonoti emas, balki ochiq texnik maʼlumotlarga asoslangan kuzatuv hisoblanadi.

Uzum Market faoliyatini bosqichma-bosqich tiklamoqda

SellerLab xabariga koʻra, Uzum 9 oktabr kuni ertalab sotuvchilarga xizmatlarni bosqichma-bosqich ishga tushirish haqida maʼlumot bergan.

Dastlab omborlar faoliyatini tiklash rejalashtirilgan. Soat 14:00 dan boshlab 8 va 9 oktabr uchun rasmiylashtirilgan yuk xatlari asosida mahsulotlarni jarimalarsiz qabul qilish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, kompaniya oktabr oyi oxirigacha logistika va mahsulotlarni saqlash xizmatlarini bepul koʻrsatishini, qaytarilgan mahsulotlarni saqlash uchun ham haq olmasligini bildirgan.

Buyurtmalarni topshirish punktlari odatiy ish tartibiga qaytishi, buyurtmalarni saqlash muddatlari esa uzaytirilishi maʼlum qilingan.

Biroq sayt, mobil ilova va sotuvchilarning shaxsiy kabineti qachon toʻliq tiklanishi yuzasidan aniq muddat berilmagan.

SellerLab hisob-kitoblariga koʻra, marketpleys xizmatlari bir vaqtning oʻzida emas, bosqichma-bosqich ishga tushishi mumkin. Bunda avval mahsulotlar katalogi, keyin buyurtmalarni rasmiylashtirish va sotuvchilar tizimlari tiklanishi ehtimoli bor. Bu rasmiy jadval emas, balki kompaniyaning texnik prognozidir.

Pinkod Uzum’ga rasmiy soʻrov yubordi

Uzum Market’dagi nosozlik va Yandex Cloud maʼlumotlar markazidagi avariya oʻrtasidagi ehtimoliy bogʻliqlik yuzasidan Pinkod Uzum’ning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimiga rasmiy jurnalistik soʻrov yubordi.

Soʻrovda kompaniya hozir ham Yandex Cloud xizmatlaridan foydalanishi, "ru-central1-b" zonasidagi avariya uning faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatgani hamda bulutli infratuzilmasini boshqa serverlarga koʻchirayotgani haqida savollar berilgan.

Material tayyorlanayotgan vaqtda Uzum’dan soʻrovimizga javob kelmagan.

Hozircha Uzum Market nosozlik sababini rejali texnik yangilanish jarayonidagi xatolik bilan izohlamoqda. Yandex Cloud’dagi avariya bilan bevosita bogʻliqlikni esa tasdiqlamagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+