Uzum Nasiya va uning hamkorlari qancha foyda koʻradi?
2025 yilning dastlabki uch oyida Uzum Nasiya’ning asosiy hamkorlari TezCoin va Shaffof-Moliya jami 3,6 trillion soʻmlik kredit ajratgan boʻlib, bu mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan jami kreditlarning 64,3 foizini tashkil etadi.
Undan tashqari, Uzum Nasiya operatori boʻlgan Solutions Lab AJ yilning birinchi choragida 155,1 milliard soʻm sof foyda olgan.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan 2025 yil yanvar-mart oylarida jami 6,2 trln soʻm miqdorida kredit ajratilgan. Kreditlashning 90 foizi yoki 5,6 trln soʻmlik qismi mikromoliya tashkilotlari hisobiga toʻgʻri kelgan.
Ushbu davrda ajratilgan kreditlar tarkibida onlayn kreditlash ulushi sezilarli darajada oshgan. Jami ajratilgan kreditlarning 59 foizi aynan onlayn shaklda rasmiylashtirilgan. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga koʻproqdir.
Bu keskin oʻsish, asosan, Uzum ekotizimi doirasida faoliyat yuritayotgan xizmatlar orqali amalga oshgan. Jumladan, Uzum Market elektron savdo maydonchasi, Uzum Tezkor yetkazib berish xizmati hamda Uzum Nasiya muddatli toʻlov tizimiga ulangan savdo nuqtalari orqali aholining tovar va xomashyo xaridlari uchun keng miqyosda onlayn kredit ajratilgan.
Ushbu kreditlash hajmini moliyalashtirishda esa ikki yirik mikromoliya tashkiloti – TezCoin va Shaffof-Moliya yetakchilik qilmoqda. Birinchi chorak davomida TezCoin tomonidan 2,4 trillion soʻmlik, Shaffof-Moliya tomonidan esa 1,2 trillion soʻmlik onlayn kredit ajratilgan. Bu ikki tashkilot tomonidan berilgan mablagʻlar barcha mikromoliya tashkilotlari ajratgan jami kreditlarning 64,3 foizini tashkil etadi.
Mazkur tashkilotlar aksiyadorlik jamiyati (AJ) shaklida roʻyxatdan oʻtmaganligi sababli, ularning moliyaviy natijalari, shu jumladan sof foydasi ochiqlanmaydi. Bu esa kreditlash hajmlari yuqori boʻlgan boʻlsa-da, ularning real daromadliligini tahlil qilish imkonini cheklaydi.
Shunga qaramay, Uzum Nasiya platformasining operatori boʻlgan Solutions Lab aksiyadorlik jamiyati sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Kompaniya 2025 yil birinchi choragi boʻyicha moliyaviy hisobotini taqdim qilgan. Unga koʻra, kompaniya 2025 yilning birinchi choragida 155,1 milliard soʻm sof foyda olgan. Bu koʻrsatkich 2024 yilning xuddi shu davridagi natijaga nisbatan 164,7 foizga koʻproqdir.
Maʼlumot uchun, Uzum Bank 2025 yil birinchi choragida sof foydasini 360 foizdan koʻproqqa oshirib, 37,8 mlrd soʻm sof foyda olgan.
Avvalroq Pinkod Markaziy bank tahliliga asoslanib, mahsulot xarid qilishda bank krediti va nasiya savdoning qaysi biri foydaliroq ekani yuzasidan tahliliy maqola eʼlon qilgan edi. Ushbu maqola bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:
Bank krediti yoki nasiya savdo: qaysi biri haqiqatan ham foydaliroq?