Raqobat qoʻmitasi Yandex Market reklama ishi boʻyicha Uzum Market foydasiga qaror chiqardi
Raqobat qoʻmitasi Uzum Market murojaati asosida olib borgan tekshiruv natijalariga koʻra, YandexGo’ga tegishli reklamani OAVdan olib tashlash topshirildi.
Avvalroq Pinkod aynan nima Uzum Market’ni Yandex Go ustidan shikoyat qilishga undagani haqida material eʼlon qilgan edi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Uzum Market’ning murojaati asosida YandexGo UB’ga nisbatan insofsiz raqobat holatlari boʻyicha ish yuritdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning iyun oyida Uzum Market tomonidan YandexGo UB’ga qarshi rasmiy murojaat yoʻllanib, Yandex Market reklamasi orqali “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun buzilayotgani, isteʼmolchilar chalgʻitilayotgani va Uzum Market’ning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilayotgani haqida chora koʻrish soʻralgan edi.
Mazkur holat Maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqildi va quyidagi jihatlar aniqlandi:
- YandexGo UB reklamasidagi aktrisaning binafsha rangli koʻylagi va rolikning dastlabki kadrlari Uzum Market’ning ilgari eʼlon qilingan videolariga vizual va konseptual jihatdan oʻxshash;
- Reklama roligida bosh qahramon uzum dastasini koʻtarib “A, bu marketmi?!” deb soʻraganida, atrofdagilarning salbiy munosabati aks etgan;
- Rolikda “ajoyib market” degan iboradan soʻng bosh qahramonning savoli tomoshabinda Uzum Market nazarda tutilayotgani haqida taassurot uygʻotadi, ammo aktrisa “Yoʻq, bu boshqa market” deb javob beradi va shu orqali Yandex Market’ning ustunligi boʻyicha ishora beriladi.
Komissiya bu harakatlarni “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 21-moddasida nazarda tutilgan insofsiz taqqoslash holati, yaʼni raqobatchi tovar haqida xolis va asosli taqqoslashsiz notoʻgʻri tasavvur uygʻotish deb topdi.
Iqtisodiy zarar isbotlanmadi, ammo choralar belgilandi
Biroq Uzum Market tomonidan ushbu harakatlar bozor ishtirokchilari yoki isteʼmolchilarga bevosita moddiy zarar yetkazgani haqida asosli dalil va hujjatlar taqdim etilmagani sababli, Maxsus komissiya ushbu holatni iqtisodiy jihatdan past taʼsirli deb baholadi. Shu bois moliyaviy sanksiyalarni sud tartibida qoʻllash lozim deb topilmadi.
Shunga qaramay, Raqobat qoʻmitasi YandexGo UB’ga quyidagi choralarni belgiladi:
- Yandex Market’ga oid reklamani ommaviy axborot vositalaridan bir oy muddatda olib tashlash;
- Reklama olib tashlanganligi haqida tasdiqlovchi hujjatlarni 2025 yil 14 avgustga qadar qoʻmitaga taqdim etish.
Raqobat qoʻmitasi, shuningdek, tomonlar ushbu qarordan norozi boʻlgan taqdirda Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini eslatib oʻtdi.
Hammasi nimadan boshlangandi?
Iyun oyida Pinkod aynan nima Uzum Market’ni Yandex Go ustidan shikoyat qilishga undagani haqida material eʼlon qilgan edi.
Yandex Market reklamasida xorijiy marketing uslublariga xos boʻlgan “bevosita emas, bilvosita taʼsir qilish” usuli qoʻllanilgan.
Reklama bir yigit atrofidagilardan bir market haqida eshitib, ammo doimiy shovqin tufayli uning nomini anglay olmayotgan holatlar bilan boshlanadi. Har safar boshqa odamlar bu marketni maqtaydi, lekin fon shovqini (ovoz, qoʻngʻiroq va h.k.) sababli market nomi noaniq boʻlib qoladi.
Reklamadagi asosiy qahramon esa bu Market’ni “Uzum Market” deb oʻylaydi va kameraga qarab qoʻlida uzum mevasini koʻrsatib: “Ha, bu Marketmi?” deydi. Biroq oxirida maʼlum boʻladiki, bu aslida Yandex Market edi.
Mazkur reklama bir necha oy davomida televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda efirga uzatilgan.
Undan keyin esa Uzum Market ham bu reklamaga oʻzining “javobi”ni taqdim etdi. Murojaat ortidagi vaziyat xaqida batafsil:
Yana oʻqing: Yandex va Uzum oʻrtasidagi marketing jangi: hammasi qayerdan boshlangan edi?