Sud UPay toʻlov tizimi egasi “Maroqand” AJni bankrot deb topdi
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi UPay toʻlov tizimiga egalik qiluvchi “Maroqand” aksionerlik jamiyatini bankrot deb topdi. Hozirda kompaniyaga nisbatan tugatish boʻyicha sud ish yurituvi boshlangan. “Maroqand” AJ 2022 yilda Humans fintex ekotizimi tomonidan toʻliq sotib olingan edi.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi “Maroqand” aksionerlik jamiyatini toʻlovga qobiliyatsiz, yaʼni bankrot deb topdi.
Sudning tegishli hal qiluv qarori 2026 yil 2 fevral kuni chiqarilgan. Hozirda kompaniyani tugatish boʻyicha sud ish yurituvi boshlangan.
“Maroqand” AJ UPay toʻlov tizimiga egalik qiladi. UPay shaxsiy moliyaviy mablagʻlarni boshqarish, davlat xizmatlari, mobil aloqa, internet va oʻyinlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish, bank kartalari oʻrtasida pul oʻtkazish hamda elektron hamyonlarni toʻldirish imkonini beruvchi toʻlov servisi hisoblanadi.
Kompaniya 2018 yilda tashkil etilgan boʻlib, 2022 yilda Humans fintex ekotizimi tomonidan toʻliq sotib olingan.
2024 yil oktabr oyida Markaziy bank tomonidan “Maroqand” AJga tegishli toʻlov tashkiloti litsenziyasi 6 oy muddatga toʻxtatilgan edi. Bunga kompaniya orqali qimor oʻyinlari uchun toʻlovlar qabul qilingani sabab qilib koʻrsatilgan. Belgilangan cheklov muddati 2025 yil aprel oyida bekor qilingan.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil may oyida Humans Mobile Ltd Oʻzbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilgan edi.
Oradan bir necha oy oʻtib, 2025 yil oktabr oyida Humans MChJ bankrot deb topildi.
Shundan soʻng, dekabr oyining ilk dam olish kunlarida oʻzbekistonlik foydalanuvchilarning Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ularning roziligisiz pul mablagʻlari yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan ishlar hozirda Ichki ishlar organlari tomonidan oʻrganilmoqda. Fuqarolardan yuzaga kelgan holatlar boʻyicha tegishli tartibda murojaat qilish soʻralgan.
Humans va uning atrofidagi muhim voqealar haqida batafsil:









