Rekord: Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari ilk marotaba $50 mlrddan oshdi
Bu koʻtarilish asosan jahon bozorida oltin narxining rekord darajada oʻsishi hisobiga taʼminlandi. Shu jumladan, zaxiralardagi oltin qiymati qariyb $1,4 mlrdga oshib $40,07 mlrdni tashkil etdi

Oʻzbekiston xalqaro oltin-valyuta zahiralari avgust oyida rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning hisobotida maʼlum qilindi.
Mazkur oyda zaxiralar hajmi $1,34 mlrdga oshib, ilk marotaba 50,09 mlrd dollarga yetdi.
Bunday oʻsish, avvalo, jahon bozorida oltin narxining keskin koʻtarilishi bilan bogʻliq. Avgust davomida oltinning bir unsiya narxi 3 306,80 dollardan 3 407,50 dollargacha koʻtarilgan.
Natijada, Oʻzbekiston zaxiralaridagi oltinning qiymati qariyb 1,4 mlrd dollarga koʻpayib, 40,07 mlrd dollarga yetdi. Bu ham mamlakat oltin zaxiralari uchun tarixiy rekord hisoblanadi.
Shuningdek, oltinning sof hajmi 11,7 mln troyadan 11,8 mln troyaga koʻtarildi. Biroq bu koʻrsatkich hali ham yil boshidagi 12,3 mln troya darajasidan pastroq.
Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2025 | 1 avgust 2025 | 1 sentabr 2025 |
Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 41,2 | 48,74 | 50,09 |
Oltin (mlrd $) | 32,03 | 38,68 | 40,07 |
Sof hajmi (mln troya unsiya) | 12,3 | 11,7 | 11,8 |
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 8,6 | 9,5 | 9,45 |
Shu jumladan immatli qogʻozlar | $101,7 mln | $1,01 mlrd | $1,02 mlrd |
Izoh: koʻrsatkichlar yaxlitlangan.
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari esa biroz qisqarib, 9,45 mlrd dollarga teng boʻldi. Ularning tarkibidagi qimmatli qogʻozlar hajmi deyarli oʻzgarishsiz qolib, 1,02 mlrd dollarga teng boʻldi.
6 sentabr kuni jahon bozorida oltin narxi ilk bor bir unsiya uchun 3 600 dollardan oshdi. Mutaxassislar bu holatni AQSh davlat obligatsiyalari daromadlarining pasayishi, yuqori qarzlar va inflyatsiya xavfi bilan izohlamoqda. Shuningdek, sentabr oyida Federal rezerv asosiy stavkani tushirishi kutilayotgani ham narxlarning oʻsishiga qoʻshimcha turtki bermoqda.
Anʼanaga koʻra, oltin siyosiy va iqtisodiy noaniqlik davrida “xavfsiz aktiv” sifatida katta talabga ega boʻladi. Ayniqsa, foiz stavkalari past boʻlgan sharoitda ushbu talab yanada kuchayadi.
Shu bois, sentabr oyida ham Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari ortishda davom etishini kutish mumkin.