Oʻzbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi sessiyada pasayib, 12 000 soʻmdan pastga tushdi
30 apreldan amal qiladigan AQSh dollari kursi 54,41 soʻmga arzonlab, 11 974,79 soʻmni tashkil etdi. Bu 2026 yil 19 yanvardan buyon qayd etilgan eng past koʻrsatkich hisoblanadi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga koʻra, yaqin oylarda soʻmning real almashuv kursiga nisbatan sezilarli bosimlar kutilmayapti.

Oʻzbekistonda AQSh dollari kursining pasayishi davom etmoqda. Markaziy bank 30 apreldan amal qiladigan xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan rasmiy kurslarini eʼlon qildi.
Unga koʻra, AQSh dollari 54,41 soʻmga arzonlab, 11 974,79 soʻmni tashkil etdi. Bu 2026 yil 19 yanvardan buyon qayd etilgan eng past koʻrsatkich hisoblanadi.
Dollar kursi boʻyicha qanday prognozlar bor?
Valyuta kursini aniq bashorat qilish deyarli imkonsiz. Masalan, S&P Global avvalroq dollar kursi 13 566 soʻmgacha koʻtarilishini prognoz qilgan edi, biroq amalda kurs yil oxiriga kelib 12 ming soʻm atrofida shakllandi.
Shunga qaramay, ayrim institutlar oʻz prognozlarini eʼlon qilgan. Jumladan, 2026 yilgi davlat byudjetida dollar kursi oʻrtacha 12 350 soʻm darajasida boʻlishi kutilmoqda.
S&P Global’ning yangilangan prognoziga koʻra, 2026 yil yakuniga kelib dollar kursi 12 592 soʻmni tashkil etishi mumkin.
Yevroosiyo taraqqiyot banki ham kurs boʻyicha baholarini taqdim etgan:
2026 yil oxiri — 12 800 soʻm
2027 yil oxiri — 14 100 soʻm
2028 yil oxiri — 15 100 soʻm
Shuningdek, 29 aprel kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Timur Ishmetov mazkur masalada oʻz fikrini bildirib oʻtdi:
“Kelgusi oylarda soʻmning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar boʻlmasligi kutilmoqda”, — dedi u.









