2025 yilda soʻm dollarga nisbatan sezilarli mustahkamlandi. 2026 yilda nima boʻladi?
2025 yilda soʻm dollarga nisbatan qariyb 7 foizga mustahkamlandi. Bunga global miqyosda dollar qadrsizlanishi, oltin-valyuta zaxiralarining rekord darajaga yetishi va ichki valyuta oqimining ortishi sabab boʻldi. 2026 yilda soʻm kursi yana koʻtariladimi yoki hozirgi darajada saqlanib qoladimi?

2025 yil Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun milliy valyuta — soʻmning AQSh dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlanishi bilan yodda qoldi.
Yil boshida 1 AQSh dollari 12 904,91 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, yil yakuniga kelib kurs 12 025,33 soʻmgacha pasaydi. Shu tariqa, soʻm bir yil davomida dollarga nisbatan 879,6 soʻm yoki 6,8 foizga mustahkamlandi. Eng past kurs esa yil davomida 11 880 soʻm atrofida qayd etildi.
Soʻmning mustahkamlanishiga nima sabab boʻldi?
Birinchi navbatda, dollar nafaqat soʻmga, balki boshqa yetakchi valyutalarga nisbatan ham qadrsizlandi. Xususan, yil davomida dollar yevroga nisbatan 14 foizga, funt sterlingga nisbatan esa 8 foizga zaiflashdi. Umuman olganda, AQSh dollarining global indeksi (DXY) yil davomida 9,6 foizga pasaydi. Bu koʻrsatkich 2017 yildan buyon kuzatilgan eng past daraja hisoblanadi.
Biroq soʻm mustahkamlanishini faqat tashqi omillar bilan izohlash toʻgʻri boʻlmaydi. Oʻzbekiston ichki iqtisodiy koʻrsatkichlarining ijobiy dinamikasi ham muhim rol oʻynadi.
Oltin valyuta zaxiralari
Xususan, 2025 yil noyabr oyiga kelib mamlakatning xalqaro oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor 61,2 mlrd dollarga yetdi. Zaxiralarning asosiy qismini tashkil etuvchi oltinning qiymati ham rekord darajaga chiqdi — bir oy ichida qimmatbaho metall qiymati qariyb 3 mlrd dollarga oshib, 50,86 mlrd dollarga yetdi. Taqqoslash uchun, yil boshida oltin zaxiralari 32 mlrd dollarni tashkil etgan edi.
Xalqaro pul oʻtkazmalari va valyuta taklifining ortishi
Shuningdek, yanvar–noyabr oylarida transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi 17,3 mlrd dollarga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga yoki 3,5 mlrd dollarga oshdi.
Ayni davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan xorijiy valyuta hajmi 19,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 baravar koʻp. Shu bilan birga, aholi tomonidan sotib olingan xorijiy valyuta hajmi 10,6 mlrd dollarni tashkil etib, bu oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga yuqori boʻldi.
Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi talabdan 8,7 mlrd dollarga koʻp boʻldi.
Tashqi savdo aylanmasi rekordi
2025 yilning yanvar–noyabr oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan eksport 30,9 mlrd dollarni, import esa 41,9 mlrd dollarni tashkil qilib, yil davomida mos ravishda 26,2 va 18,7 foizga oʻsdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan valyuta bozorida soʻm va dollar kursi uchun kengroq koridor joriy etilgani ham muhim omillardan boʻldi. Yil davomida kursning bir sessiyada tez-tez 100 soʻm atrofida oʻzgarib turishi bozordagi moslashuvchanlikni oshirdi.
2026 yilda dollar kursi qanday boʻlishi mumkin?
Valyuta kursini aniq bashorat qilish deyarli imkonsiz. Masalan, S&P Global avvalroq dollar kursi 13 566 soʻmgacha koʻtarilishini prognoz qilgan edi, biroq amalda kurs yil oxiriga kelib 12 ming soʻm atrofida shakllandi.
Shunga qaramay, ayrim institutlar oʻz prognozlarini eʼlon qilgan. Jumladan, 2026 yilgi davlat byudjetida dollar kursi oʻrtacha 12 350 soʻm darajasida boʻlishi kutilmoqda.
S&P Global’ning yangilangan prognoziga koʻra, 2026 yil yakuniga kelib dollar kursi 12 592 soʻmni tashkil etishi mumkin.
Yevroosiyo taraqqiyot banki ham kurs boʻyicha baholarini taqdim etgan:
- 2026 yil oxiri — 12 800 soʻm
- 2027 yil oxiri — 14 100 soʻm
- 2028 yil oxiri — 15 100 soʻm









