Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetdi — $61,2 mlrd
Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari bir oyda $1,9 mlrdga oshib, $61,2 mlrdga yetdi. Zaxiralardagi oltin qiymati $3 mlrddan koʻproqqa koʻtarilib rekord oʻrnatdi. Shu bilan birga, valyuta zaxiralari $1,1 mlrdga kamayib, $9,8 mlrdga tushdi.

Oʻzbekiston xalqaro oltin-valyuta zaxiralari tarixiy rekordlarni yangilashda davom etmoqda. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, zaxiralar hajmi noyabr oyida ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.
1 dekabr holatiga koʻra, regulyator zaxiralari $61,23 mlrdni tashkil etib, bir oy ichida $1,89 mlrdga (3,2%) va yil boshidan buyon qariyb 48% ga oshdi. Bu — statistik kuzatuvlar olib borila boshlaganidan buyon qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkichdir.
| Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2025 | 1 noyabr 2025 | 1 dekabr 2025 |
| Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 41,2 | 59.3 | 61.23 |
| Oltin (mlrd $) | 32,03 | 47,8 | 50,86 |
| Sof hajmi (mln troya unsiya) | 12,3 | 11,9 | 12,2 |
| Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 8,6 | 10,9 | 9,81 |
| Shu jumladan immatli qogʻozlar | $101,7 mln | $1,02 mlrd | $1,52 mlrd |
Zaxiralarning asosiy qismini tashkil etuvchi oltin qiymati ham rekord darajaga chiqdi. Qimmatbaho metal narxi bir oyda $3 mlrddan koʻproqqa oshib, $50,86 mlrdga yetdi. Oltinning fizik hajmi esa 0,3 mln unsiyaga koʻpayib, 11,9 mlndan 12,2 mln troya unsiyasiga yetdi.
Bunga qarama-qarshi ravishda valyuta zaxiralarida sezilarli kamayish kuzatildi. Ular noyabr oyida $1,1 mlrdga qisqarib, $9,8 mlrdgacha tushdi.
Shu bilan birga, Markaziy bankning qimmatli qogʻozlarga yoʻnaltirgan investitsiyalari keskin oshdi: bir oy ichida bu portfel $503 mlnga koʻpayib, $1,52 mlrdga yetdi. Taʼkidlash joiz, regulyator qimmatli qogʻozlarga sarmoya kiritishni bor-yoʻgʻi $100 mlndan boshlagan edi.









