Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari yil boshidan beri $18 mlrdga koʻpaydi
1 noyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 59,33 milliard dollarga yetdi. Bir oy ichida ular 4,34 milliard dollarga yoki 7,8 foizga oshgan. Yanvardan oktabrgacha boʻlgan davrda esa zaxiralar 18,15 milliard dollarga koʻpayib, yil boshidan buyon 44 foizdan ortiq oʻsish qayd etildi.

Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 60 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu haqda Markaziy bankning 1 noyabr holatidagi hisobotida maʼlum boʻldi.
Hisobotga koʻra, mamlakatning xalqaro zaxiralari 59,33 milliard dollarni tashkil etib, bir oy ichida 4,34 milliard dollarga (7,8%) oshgan. Yil boshiga nisbatan bu koʻrsatkich 18,15 milliard dollarga koʻpaygan. Bu 10 oyda zaxiralar hajmi 44 foizdan ortiq oʻsganini koʻrsatadi.
Bunday sezilarli oʻsishning asosiy sababi jahon bozorida oltin narxining rekord darajada oshganidir. Yanvar oyida bir unsiya oltin narxi 2 800 dollar atrofida boʻlgan boʻlsa, oktabr oyiga kelib 4 381 dollargacha yetgan. Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, faqat oktabr oyining oʻzida narxlarning oʻsishi zaxiralarga qoʻshimcha 2,5 milliard dollarlik foyda keltirgan.
| Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2025 | 1 oktabr 2025 | 1 noyabr 2025 |
| Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 41,2 | 55 | 59.3 |
| Oltin (mlrd $) | 32,03 | 44,2 | 47,8 |
| Sof hajmi (mln troya unsiya) | 12,3 | 11,6 | 11,9 |
| Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 8,6 | 10,2 | 10,9 |
| Shu jumladan immatli qogʻozlar | $101,7 mln | $1,02 mlrd | $1,02 mlrd |
Natijada Oʻzbekiston oltin zaxiralari qiymati 10 oy ichida 32 milliard dollardan 47,8 milliard dollargacha oshdi. Biroq fizik hajm jihatidan biroz kamayish kuzatildi — oltin miqdori 12,3 million troya unsiyadan 11,9 million troya unsiyagacha qisqardi.
Shuningdek, zaxiralar tarkibidagi xorijiy valyutadagi aktivlar ham sezilarli darajada oshgan. Ularning hajmi 8,6 milliard dollardan 10,9 milliard dollargacha koʻpaydi. Ayniqsa, ushbu tarkibdagi qimmatli qogʻozlar ulushi yil boshiga nisbatan 906 foizga oʻsdi — 101,7 million dollardan 1 milliard dollardan ortiq qiymatga yetgan.
Oʻzbekiston sentabr oyida dunyodagi yagona oltin sotgan mamlakat boʻldi. Markaziy bank bu oyda 4 tonna qimmatbaho metall sotdi.
Avvalroq Pinkod Oʻzbekistonning ikki yirik oltin koni 2024 yilda TOP-5 oltin qazib olingan konlar roʻyxatiga kirgani haqida yozgan edi.









